Iqtisodiyot
Milliy investitsiya jamg‘armasida davlat ulushi qisqartiriladi
Prezident qarori bilan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Milliy investitsiya jamg‘armasining aksiyalarini mahalliy va xalqaro fond birjalarida birlamchi joylashtirishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida uning faoliyatini yanada takomillashtirish va investitsion jozibadorligini oshirish orqali Milliy investitsiya jamg‘armasiga tegishli:
Uzbekistan Airports AJ, «Biznesni rivojlantirish banki» ATB va «Mikrokreditbank» ATBning aksiyalarini – jamg‘armaning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
«O‘zbekiston pochtasi» AJning aksiyalarini – jamg‘armaning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, quyidagilar amalga oshiriladi:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning 30 foiz aksiya ulushini – keyinchalik jamg‘armaga o‘tkazish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
«O‘zbekgidroenergo» AJning 20 foiz, «O‘zbekinvest» AJning 10 foiz va «Temiryo‘linfratuzilma» AJning 15 foiz aksiya ulushlarini qo‘shimcha ravishda jamg‘armaga o‘tkazish.
Hujjat bilan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarini birlamchi ommaviy savdoda joylashtirish ishlarini muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.