Iqtisodiyot
Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi
O‘zbekistonda mikromoliya va faktoring tashkilotlari hamda lombardlarga islomiy ijara, muzoraba, murobaha va salam kabi islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi. Ularda kapitalning yetarlilik koeffitsiyenti 10 foizdan kam bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekiston Markaziy bankining 20 oktyabrdagi qarori bilan, mikromoliya va faktoring tashkilotlari hamda lombardlarga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Endilikda bu uch turdagi tashkilotlar islomiy moliyalashtirishga oid quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
islomiy ijara;
muzoraba – foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
murobaha – nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish;
mushoraka – sherikchilik, foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish;
salam – oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish.
Qaror bilan, “Mikromoliya tashkilotlari va lombarlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish to‘g‘risidagi nizom”ga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda bu nizom faktoring tashkilotlarini ham qamrab oladi.
Ushbu tashkilotlar yuqorida sanab o‘tilgan islomiy moliya xizmatlari to‘g‘risida har oy Markaziy bankka hisobot berib borishi lozim.
Bundan tashqari, aktivlar va majburiyatlar tahlili, aloqador shaxslar bilan tuzilgan bitimlar hamda yirik tavakkalchiliklar to‘g‘risida ham har oy hisobot berish talab etiladi.
Shuningdek, aktiv sifati “umidsiz” deb tasniflanishi bilan tashkilotlar 3 ish kunida ushbu aktivni zaxira evaziga hisobdan chiqarishlari lozimligi belgilandi.
Yana bir o‘zgarish: tashkilotlar kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti tashkilotlar jami xususiy kapitalining jami aktivlariga nisbati orqali hisoblanib, ushbu koeffitsiyent 10 foizdan kam bo‘lmasligi kerak. Avval bu talab faqat mikromoliya tashkilotlariga oid edi, endi u lombardlar va faktoring tashkilotlariga ham tegishli bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda islomiy banklar uchun litsenziyalash joriy etilishi ma’lum qilingandi.