Jamiyat
Migratsiya agentligi xorijga ishga boruvchilarni to‘lov qilishda aldanib qolmaslikka chaqirdi
Agentlikning ogohlantirishicha, naqd pul berish, jismoniy shaxs kartasiga o‘tkazish yoki “konsalting xizmati” nomi bilan boshqa firmaga to‘lov qilish xavfli hisoblanadi.
Migratsiya agentligi xorijga ishga borish jarayonida litsenziyaga ega xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzib, to‘lovni esa boshqa firma yoki vositachilar hisob raqamiga amalga oshirmaslikni maslahat berdi.
Qayd etilishicha, litsenziya bir tashkilot nomi uchun beriladi va boshqa firma yoki “konsalting” xizmatlariga tatbiq etilmaydi.
Agentlikning ogohlantirishicha, naqd pul berish, jismoniy shaxs kartasiga o‘tkazish yoki “konsalting xizmati” nomi bilan boshqa firmaga to‘lov qilish xavfli hisoblanadi.
“To‘lov faqat xususiy bandlik agentligining maxsus depozit hisob raqamiga amalga oshirilishi va albatta to‘lovni tasdiqlovchi chek bo‘lishi kerak”, deyiladi agentlik xabarida.
Migratsiya agentligi xorijga ishga borishni rejalashtirgan fuqarolarga litsenziyani tekshirish, shartnoma va to‘lovdagi firma nomini solishtirish hamda to‘lov cheklari, xujjatlar, reklama va yozishmalarning barchasini saqlashni tavsiya qilgan.