Iqtisodiyot
Mevalar nega qimmat?
Joriy yil 10–12 mart kunlari ayrim hududlarda havo harorati minus 6 daraja atrofida kuzatilgan edi. O‘shanda sovuq erta pishar mevalar hosiliga ta’sir qilishi aytilgandi. Oradan 3 oy o‘tib, bozor rastalari mavsumiy mevalar bilan to‘la boshladi. Xo‘sh buy il meva narxlari qanday bo‘lyapti? Kun.uz muxbiri Chorsu bozorida bo‘ldi.
Kun.uz Chorsu bozorida mevalar narx-navosini o‘rgandi. Narxlar sotuvchilarning o‘zidan so‘raldi va ular narxlarni aytayotgan payt videoga olindi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, bozorda shaftoli 50 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha sotilmoqda. O‘rik narxi 55 ming so‘mdan boshlanadi. Gilos 90 ming so‘mdan 110 ming so‘mgacha, nok esa 80 ming so‘m atrofida taklif qilinmoqda. Qulupnay narxi 200 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha aytildi. Olma esa 35 ming so‘mdan sotilmoqda.
Bozorda meva bor. Tanlov ham bor. Ammo narxlar ko‘pchilik xaridor uchun hali ham baland. Ayniqsa, gilos, o‘rik va shaftoli kabi mavsumiy mevalarning narxi oddiy oila budjeti uchun yengil emas. Bir kilogramm gilos 100 ming so‘m atrofida bo‘lsa, bu ko‘pchilik uchun kundalik xarid emas, balki o‘ylab qilinadigan xarajatga aylanadi.
Taqqoslash uchun, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 10 iyun kuni ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ulgurji bozor narxlari haqida ma’lumot e’lon qilgan edi. Vazirlik ma’lumotida Qo‘yliq ulgurji dehqon bozorida olma narxi 7 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha, nok 13 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha ko‘rsatilgan.
Chorsu bozoridagi kuzatuvlarda esa olma 35 ming so‘mdan, nok 80 ming so‘m atrofida sotilmoqda. Bu yerda bir muhim farq bor: vazirlik ma’lumotlari ulgurji bozor narxlari, Chorsudagi narxlar esa chakana savdodagi real holat asosida olingan. Shunday bo‘lsa-da, rasmiy jadvaldagi raqamlar bilan xaridor duch kelayotgan narxlar o‘rtasidagi tafovut sezilarli.
Vazirlik shuningdek, “Eski juva” — “Chorsu” dehqon bozorida mol va qo‘y go‘shti narxlari bo‘yicha ma’lumotlar kechki soat 22:00 dan tungi 2:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida to‘planishini bildirgan.
Mart oyidagi sovuq hosilga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bugungi narxlarni faqat sovuq bilan izohlab bo‘lmaydi. Narxga hosil hajmi, yetkazib berish xarajatlari, ulgurji va chakana savdo o‘rtasidagi farq, mavsum boshidagi talab va bozordagi umumiy narx muhiti ham ta’sir qiladi.
Hozircha Chorsu rastalarida meva ko‘p, ammo narxlar ko‘pchilik xaridorning cho‘ntagiga mos emas. Bozordagi asosiy manzara shunday: meva pishgan, lekin narxlar hali ham balandligicha qolmoqda.