Iqtisodiyot
Meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari bekor qilinadi
Prezident farmoniga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda davlat tomonidan minimal narxlarni belgilab qo‘yish amaliyoti to‘xtatiladigan bo‘ldi. Bu tartib o‘tgan yili joriy etilgan va tahlilchilar uni “meva-sabzavot eksportiga zarba” deb atagandi. Minimal eksport narxlari qolgan uch toifa tovarlar uchun amal qilishda davom etadi.
O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlari uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Bu – O‘zbekiston prezidentining 8 oktyabrda imzolangan 181-sonli farmonida belgilandi.
Hujjatda bu amaliyot qaysi sanadan boshlab bekor qilinishiga aniqlik kiritilmagan.
Meva-sabzavotlar, shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlari eksportida minimal narxlar amaliyoti 2024 yilda joriy etilgan edi.
Tahlilchilar bu tartibni “meva-sabzavot eksportiga zarba” deb atagandi.
8 oktyabrdagi farmonga ko‘ra, shuningdek, dukkakli ekinlarni yig‘ish texnikasini xarid qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga texnika qiymatining 15 foizi hamda lizing va kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi qoplab beriladi.
Hujjatda issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz kafolatli tarzda yetkazib berilishi ham belgilandi va issiqxonachilarga soliq imtiyozi berildi.