Sport
Messi JChning «abadiy» rekordini yangilay oladimi?
Bu rekord 60 yildan ortiq vaqtdan buyon saqlanib turibdi. Jyust Fonten 1958 yilgi mundialda 13 ta gol urgandi. Va buni boshqaning butsalarida amalga oshirgan.
Lionel Messi bu safargi jahon chempionatini shunday boshladiki, barcha uning yoshini unutib yubordi. Uchta o‘yinda olti gol – salmoqli ko‘rsatkich. Parallel ravishda Messi jahon chempionatlarida urgan jami gollari soni bo‘yicha Miroslav Klozeni ortda qoldirdi. Leoning gollari soni 19 taga yetdi, germaniyalik futbolchida 16 ta gol bor edi. Boshqa tomondan, bu turnirda Messiga Kilian Mbappe ham yaqinlashib oldi (18). Ammo abadiydek ko‘rinadigan yana bir rekord bor. U olis 1958 yildan buyon saqlanib turibdi. O‘shanda fransuzlar jamoasi hujumchisi Jyust Fonten bitta jahon chempionatida 13 ta gol urgandi. «Chempionat» o‘z materialida ushbu rekord tarixini esga oldi va Messining bu rekordni yangilash imkoniyatlarini baholadi.
Fonten rekordni begona butsalarda urgan. 1958 yilgi turnirdan oldin u Fransiya termasining asosiy futbolchisi emasdi
1958 yilgi jahon chempionati to‘rt yil oldingi turnir kabi gollarga boy kechmagandi. Shveytsariyadagi mundialni esa jamoalar o‘ta sermahsul o‘tkazishgandi – bir o‘yinda o‘rtacha 5,38 tadan gol urilgan. Shvetsiyadagi jahon chempionatida esa bu ko‘rsatkich ancha pastroq bo‘ladi – bir o‘yinga o‘rtacha 3,6 tadan gol to‘g‘ri keladi. Ammo aynan shu turnirda qariyb 70 yil mobaynida saqlanib qolayotgan rekord o‘rnatilgandi.
Fonten 1958 yilgi jahon chempionatigacha Fransiya milliy jamoasining asosiy futbolchisi hisoblanmasdi. Jyust faqat Rene Bliyarning jarohati tufayli boshlang‘ich tarkibda o‘ynash imkoniyatini qo‘lga kiritadi. «1957 yil dekabrida tizzam operatsiya qilingandi. 1958 yil 15 fevralida esa men maydonda edim. Iyun oyiga yaxshi formada yetib borish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Isodek suv ustida yurdim desam ham bo‘ladi», – degandi keyinroq Fonten.
Jamoadoshlari Jyustni olqishlashmoqda
Foto: Keystone-France/Getty Images
Fonten Skandinaviyaga faqat bir juft butsa olib keladi. U shunchaki maydonga tushishiga to‘g‘ri kelishini o‘ylamagandi. Fransiya milliy jamoasi murabbiylar shtabi jarohatlar tufayli uni tarkibga qo‘shgandi. Ammo Fontenning xursandchiligi o‘rnini tezda xafagarchilik egallaydi – o‘yindan oldingi oxirgi mashg‘ulot chog‘ida uning butsasi yirtilib ketadi.
«Men tamom bo‘ldim. Imkoniyatni qo‘ldan boy berdim, deb o‘ylardim», – deya xotirlaydi Jyust. Uning baxtiga Fransiya milliy jamoasi safida oyoq o‘lchami unikiga to‘g‘ri keladigan bir futbolchi topiladi. Stefan Bryui boshlang‘ich tarkib uchun raqobatchisi bo‘lganiga qaramay, butsalarini Jyustga berib turadi. Oyoq kiyimini almashtirish esa Fontenning o‘yinini ochib yuboradi.
Fransuz futbolchisi dastlab Paragvay darvozasiga het-trik qayd etadi, Yugoslaviya darvozabonini ikki bor ranjitadi hamda Shotlandiya darvozasini ham bir bor ishg‘ol etadi. Guruh bosqichining uchta o‘yinida – 6 gol. Chorakfinalda Jyust dubl rasmiylashtiradi, yarimfinalda bitta gol bilan cheklanadi, bronza uchun kechgan bahsda esa raqib darvozasini naq 4 bor ishg‘ol etadi. Turnir davomida fransuzlarning barcha raqiblari undan gol o‘tkazishgandi.
Fontenning 13 golidan birortasi penaltidan urilmagandi.
Fransuz bitta gol uchun o‘rtacha 42 daqiqa sarflaydi.
1958 yilda FIFA hali JCh yakunlari bo‘yicha «Oltin butsa» topshirishni yo‘lga qo‘ymagandi. Ammo Shvetsiyadagi gazetalardan biri Fontenni turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lgani munosabati uchun noyob ov quroli bilan taqdirlagandi.
1958 yilgi jahon chempionati – Jyustning karerasidagi yagona mundial bo‘lib qoladi. U jarohatlar tufayli 28 yoshdayoq futbolchilik faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgan.
1950-yillarda nega buncha ko‘p gol urishgan?
E’tiborga olish kerakki, 1958 yilda futbol hozirgidan mutlaqo boshqacha edi. O‘shanda ko‘p jamoalar bugungi kun uchun tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan 3-2-2-3 taktik sxemasidan foydalangan. Bu o‘sha davr uchun inqilobiy sxema edi, ammo bunday sxemada himoya va yarimhimoya chizig‘i o‘rtasida katta bo‘shliq qoldirilgan. Bunday sxemada raqib hujumlarini birinchi bo‘lib qarshi olishi kerak bo‘lgan yaqqol tayanch yarimhimoyachisi bo‘lmagan. O‘shanda «oltilik» tushunchasi mavjud emasdi.
O‘yinlar nisbatan ochiq va xaotik kechar, ikki tomon ham muntazam ravishda hujum uyushtirardi. Shu tufayli Fonten oldingi chiziqda bugungi kundagi hujumchilar faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan erkinlikka ega edi. Qoidaga ko‘ra, 1958 yilda himoyachilar personal harakatlanishgan. Yaxshi hujumchi maydon bo‘ylab aqlli harakatlanish orqali ta’qibchisini osonlik bilan ortda qoldirishi mumkin edi.
Jyust Fonten 1958 yilgi turnirdagi o‘yinlardan birida
Foto: DB/Getty Images
Boshqa tomondan, 1958 yildagi sharoitlar yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlikni talab etardi. Fonten uch haftada beshta o‘yin o‘tkazadi, holbuki o‘sha vaqtlarda almashtirish qilishga ruxsat berilmagandi. Agar o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlagan bo‘lsang, hakamning so‘nggi hushtagi chalinguniga qadar o‘ynash kerak bo‘lardi. Albatta, agar oyoqda turib bera olsang. Jyustning eng kuchli o‘yini Fransiya uchun so‘nggi o‘yinda bo‘ladi. Bu o‘yin uning organizmi uchun jiddiy sinov bo‘lishi kerak edi. Ammo jismoniy tayyorgarlik borasida unda hammasi joyida ekani ma’lum bo‘ladi.
Fontenning rekordini o‘sha davrning statistik yodgorligi deb ham atashadi. Ko‘pchilik bu rekordni hech qachon yangilab bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Chunki zamonaviy futbol butunlay o‘zgarib ketgan. Ayrim jamoalar raqib hujumchilariga harakatlanish uchun hududlar qoldirmasdan, chuqur himoyalanishadi. Qolaversa, besh nafargacha futbolchi almashtirish mumkin bo‘lgan zamonda qaysidir hujumkor futbolchi turnirni xuddi Fonten kabi boshdan oxirigacha to‘liq maydonda o‘tkazishini tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Fonten o‘z rekordi haqida nimalar degan?
Jyust 2023 yilda olamdan o‘tgandi. Albatta, undan bir necha bor kimdir uning natijasini ortda qoldira oladimi, deb so‘rashgan. FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida Fonten bunga o‘ziga xos yumor bilan javob qaytargan:
«Kunlarning birida misrshunoslar zarar yetmagan mumiyoga duch kelishadi. Ular bog‘lamlar ostida qandaydir harakatni ko‘rishadi. Uni yechishadi va u so‘raydi: «Kechirasiz, bitta jahon chempionatida gol urish bo‘yicha rekord hali ham Jyust Fontenga tegishlimi?» Kimdir rekordni yangilaydimi, yo‘qmi, bilmayman. Men bashoratchi emasman. Lekin rekord saqlanib qolsa, yomon bo‘lmasdi».
2014 yilda Jyust Fontenga FIFA kongressi oldidan maxsus «Platina butsa» topshirilgandi
Foto: Alexandre Schneider/Getty Images
Shu bilan birga, u boshqa bir intervyusida aniq qilib gapirgan: u kimdir bu natijani yaxshilay olishiga ishonmasligini aytgan. Qolaversa, Fonten 1958 yilda ham gol urish oson bo‘lmaganini qayd etgan. «Jahon chempionatida gol urish oson emasdi. To‘pning holati, uzoq safarlar, murabbiylar shtabi professional emasligi barchasini bugungidan ko‘ra qiyinroq qilgan. Yetmaganiga men begona butsalarda o‘ynaganman. Va eng asosiysi: mening davrim bilan solishtirganda, hozir hakamlar hujumchilarni ko‘proq himoya qiladi. 13 gol – ulkan natija. Kimdir mening rekordimni yo‘qqa chiqara oladi, deb o‘ylamayman».
Jyustning rekordini yangilashga kimlar yaqin kelgandi?
Fontenga qadar bir jahon chempionatida ko‘p gol urish bo‘yicha eng yaxshi natija vengriyalik Shandor Kochish tomonidan o‘rnatilgandi. U 1954 yilgi turnirda 11 ta gol urgan. Jyustdan keyin hech kim bitta jahon chempionatida 10 tadan ortiq gol urmaydi.
1966 yilda portugaliyalik Eysebio 9 gol, 1970 yilda germaniyalik Gerd Myuller 10 ta gol urgan holda unga eng yaqin kelgandi. 1978 yildan 1998 yilgacha bo‘lgan davrda jahon chempionatlarida eng yaxshi to‘purarlar oltitadan ortiq gol urishmagan. 2002 yilda braziliyalik Ronaldo nafaqat g‘alati soch turmagi bilan, balki sakkizta gol urishi bilan ham yodda qolgandi. 2022 yilda fransiyalik Kilian Mbappe finaldagi het-trigi evaziga uning natijasini takrorlaydi.
Kilian Mbappe 2022 yilgi finalda Argentina darvozasiga urgan golini nishonlamoqda
Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»
Shunday bo‘lib chiqmoqdaki, Fontenning natijasiga eng yaqin kelgan futbolchi Myuller bo‘lgandi. Ushbu germaniyalik hujumchi 1970 yilgi turnirning guruh bosqichida juda kuchli o‘yin ko‘rsatib, uchta o‘yinda yetti gol urishga erishadi. Chorakfinalda o‘z hisobiga bitta, yarimfinalda ikkita gol qo‘shib qo‘yadi. Gerd faqat bronza uchun kechgan bahsda raqib darvozasini ishg‘ol eta olmagan. Bitta jahon chempionatida 10 gol urish – ajoyib ko‘rsatkich. Ammo ushbu buyuk to‘purar ham Fontenga yeta olmagan.
Messi «abadiy» rekordni buza oladimi?
Fonten 1958 yilgi jahon chempionatida jami 6 o‘yinda maydonga tushgan. Hozirgi format esa bir jamoa uchun sakkiz o‘yin o‘tkazish imkoniyatini taqdim etadi. Agar Messi bir o‘yinda o‘rtacha ikki gol urish tempini davom ettiradigan bo‘lsa, u yarimfinaldayoq Fontenni quvib o‘tishi mumkin. Albatta, buning uchun amaldagi chempionlar o‘sha bosqichgacha yetib borishi talab etiladi. Ammo Argentina yana beshta o‘yin o‘tkazsa va Leo har bir o‘yinda o‘rtacha bittadan gol ursa, bu rekordni yangilash uchun yetarli bo‘lmaydi.
Uanalyse tahliliy platformasi Messining Fontenning natijasini yangilash imkoniyatini baholagan. Lekin bu ancha kamtarona baho bo‘lgan. Modellashtirish natijalariga ko‘ra, Leoda bitta jahon chempionatida 13+ gol urish ehtimoli 4,4 foizni tashkil etadi. Kilian Mbappening pley-offdan oldingi imkoniyati esa (fransuz hujumchisi guruh bosqichida to‘rt gol urgandi, pley-offda Shvetsiyaga qarshi o‘yinda gollari sonini Messiniki bilan tenglashtirib oldi) yanada pastroq – 0,8 foiz edi. Shu tariqa, Fontenning rekordi 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin ham saqlanib qolishi ehtimoli yuqori. Lekin bu oqshom Messi Kabo-Verdega qarshi o‘yinda (o‘yin Toshkent vaqti bilan 4 iyulga o‘tar kechasi, soat 3.30 da boshlanadi) imkoniyatini yaxshilab olishi ham mumkin.