Jamiyat

 “Men haqimda toshlar gapirsin” – 120 metr chuqurdan suv chiqaradigan toshloqlik quduqchi

Published

on


Ravshanjon Isomiddinov hozir 44 yoshda. U 24 yildan beri ichimlik suvi yetib bormagan hududlarda quduq qazib, odamlarning og‘irini yengil qilib keladi. Ravshanjon quduqchi nomi bilan tanilgan qag‘ramonimiz hatto 120 metr chuqurlikkacha bo‘lgan quduqlarni qazigan.

“Yer qa’arida tuprog‘-u toshlar oralab ancha ichkariga kirib ketib qolganimni o‘zim ham sezmay qolaman. Yuqorida turgan yordamchilarim ovozimni eshitmay qolishi mumkin, o‘sha uchun mikrofonda gapiraman. Havo yetishmay qolganida “pilesos” tushirishadi”, – deydi u.

Kun.uz tasvirga olgan manzilda quduqchi 40 metr chuqurga tushishga ulgurib, shag‘alni tashqariga olayotgan ekan.

“Quduq qazib suv chiqarish mashaqqatli ish. Ichkarida doim duoda bo‘laman. Har bir daqiqada xavf bilan yuzlashasiz-da. Quduq ichida sizga hech kim yordam bera olmaydi.

Taqir yerlarda ko‘pchilikka suv chiqarib berib duosini oldim. O‘sha quduqdan chorvasini, bog‘ini sug‘orishyapti, bola-chaqasiga suv berishyapti. Yaratganga shukur aytaman, hayotimdan nolimayman. Kasbimning ortidan ro‘zg‘or tebratyapman, ustim but.

Faoliyatim davomida chuqurligi 100 metrdan ortiq quduqlardan ko‘plab qaziganman. O‘sha quduqlarni tushlarimda ham ko‘raman…

Chuqurlikka qarab tushib ketganimda havo yetishmay qolishi mumkin. O‘sha paytda sheriklarim ichkariga “pilesosda” havo berib turishadi.

Bir qishloqda quduq qaziyotganimda quvur yorilib ketib ichkarida suv ostida qolib ketganman. O‘shanda yuqorida turgan do‘stlarim meni o‘ldi, deb xavotir olishgan. Allohga shukur, amallab chiqib olganman.

 


Ravshanjon Isomiddinov

Mikrofonsiz ish bo‘lmaydi. Ichkaridan gapirganimni tepadagilar eshitmay qolishi mumkin. Quduq ichiga mikrofon bilan tushib ketib, yordamchilarimga ish buyurib turaman.

Mashaqqat bilan qazilgan joyda suv chiqishini ko‘rishning zavqi boshqacha. Suv chiqishini oldinroq sezaman va o‘sha paytda atay shogirdlarimni tushiraman. Xursand bo‘lsin deyman-da”, – deydi quduqchi.

Qahramonimiz quduqning har bir metri uchun 300 ming so‘mdan 1 mln 200 ming so‘mgacha xizmat haqi olar ekan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version