Sport
Meksikada g‘alabani nishonlash chog‘ida 4 kishi halok bo‘ldi
Meksikada futbol bayrami fojiaga aylandi.
Futbol bo‘yicha Meksika milliy jamoasining jahon chempionati 1/16 finalida Ekvador ustidan qozongan g‘alabasini (2:0) nishonlash chog‘ida bir milliondan ortiq kishi Mexiko shahri ko‘chalariga chiqqan. Yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan: 19 yoshli qiz, 48 yoshli ayol, 44 yoshli erkak va yana katta yoshli erkak.
Mexiko sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi tiqilinchda bo‘g‘ilib qolgan, yana bir kishining yuragi xuruj qilgan.
Shahar rasmiylariga ko‘ra, eng ko‘p odam Mexiko shahri markazida, Mustaqillik ustunlari maydonida yig‘ilgan. Bu qadar ko‘p odam to‘planishining sababi Ekvador bilan o‘yindagi g‘alaba Meksika milliy jamoasi 1986 yildan buyon jahon chempionati pley-off bosqichlarida ilk bor g‘alaba qozonishi edi.
Mexiko shahri meri Klara Brugada qurbonlarning oila a’zolariga ta’ziya izhor etib, ularga imkon qadar yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan. U shuningdek muxlislarni g‘alabani «har doim mas’uliyat bilan, boshqalarni hurmat qilgan holda nishonlash»ga chaqirgan.
Sog‘liqni saqlash departamentiga ko‘ra, favqulodda xizmatlar shaharning turli hududlarida, Paseo-de-la-Reforma shohko‘chasi bo‘yida hushini yo‘qotgan uch kishiga tibbiy yordam ko‘rsatganini ma’lum qilgan.
«Birinchi tibbiy yordam va yurak-o‘pka reanimatsiyasi o‘tkazilgandan so‘ng, jabrlanganlar ixtisoslashtirilgan davolash uchun tibbiyot muassasalariga o‘tkazildi», – deyiladi poytaxt sog‘liqni saqlash departamenti xabarida.
Lekin ularning uchalasi ham shifoxonada jon bergan, o‘lim sifatida nafas yetmay qolishi ko‘rsatilgan. Ularning shaxsi qarindoshlari tomonidan tasdiqlangan.
O‘yin boshlanishidan oldinroq Mexiko meri Klara Brugada shahar markazidagi Mustaqillik ustunlari maydoniga kelishni rejalashtirgan muxlislardan boshqa joyni tanlashni so‘ragandi, chunki bu vaqtga kelib maydon allaqachon odamlar bilan to‘lib-toshgandi.
Xabar qilishlaricha, tiqilinch vaqtida nafasi qisib qolgan yana o‘nlab kishilarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda boshqalar bayram qilayotgani fonida tibbiyot xodimlari ahvoli og‘irlashib qolgan odamlar hayotini saqlab qolish uchun kurashayotganini ko‘rish mumkin.
Mexiko aglomeratsiyasida 20 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi, bu uni dunyoning aholi eng tig‘iz joylashgan shaharlaridan biriga aylantirgan.
Meksika milliy jamoasi Ekvador ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin 1/8 finalga chiqdi. Bu bosqichda turnir mezbonlariga Angliya milliy jamoasi raqib bo‘ladi.