Sport
Meksika JCh–2026 o‘yinlarini o‘tkaza olmasligi mumkin
Yana 107 kundan so‘ng Meksikada futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish o‘yini bo‘lib o‘tishi kerak. Poytaxt Mexikoda mezbonlar Janubiy Afrikaga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilgan. Poytaxtdan tashqari, o‘yinlar Monterrey va Gvadalaxara shaharlarida ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Biroq mamlakatni qamrab olgan zo‘ravonlik to‘lqini sababli bu bahslar o‘tkazilmay qolishi mumkin.
Gvadalaxarada to‘rtta uchrashuv rejalashtirilgan, jumladan 26 iyun kuni Urugvay — Ispaniya markaziy o‘yini va 18 iyun kuni Meksika — Janubiy Koreya bahsi. Shuningdek, O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvi ham Meksikada o‘tishi belgilangan. Ammo hozirda ayrim hududlarda yuz berayotgan voqealar fuqarolik urushi manzarasini eslatmoqda.
Gvadalaxara aeroportida odamlar jonini saqlash uchun qochmoqda: onalar bolalarini bag‘riga bosgan, otalar esa chemodanlarini sudrab ketmoqda. Ulgurmaganlar ro‘yxatga olish peshtaxtalari ortiga yashirinishga majbur. Videolarda AQSh va Kanada sayyohlari orasida mashhur bo‘lgan sohilbo‘yi Puerto-Valyarta shahri ustida tutun bulutlari ko‘rinmoqda.
Reyslar bekor qilinyapti, do‘konlar yopilgan, maktablar ishlamayapti. AQSh Davlat departamenti ogohlantirmoqda: «Boshpana toping va binolarni tark etmang». Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilib, mamlakatning ko‘plab shtatlariga safardan tiyilishni tavsiya qildi.
Zo‘ravonlik avj olishiga “El Mencho” nomi bilan tanilgan va “Xalisko yangi avlod” (CJNG) nomli mashhur narkokartel rahbarining o‘limi sabab bo‘ldi. U Meksika armiyasi o‘tkazgan reyd chog‘ida halok bo‘lgan.
Keyin esa uning o‘limi uchun qasos olish boshlanib ketgan. Bir nechta shtatlarda avtobus va yuk mashinalari yoqilmoqda, yo‘llar yonayotgan barrikadalar bilan to‘silgan, bank va dorixonalar o‘t ichida qolgan. Huquq-tartibot idoralarining 27 nafar xodimi, jumladan Milliy gvardiyaning 25 xodimi, bir qo‘riqchi va bir shtat prokuraturasi xodimi halok bo‘ldi.
Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat butun dunyo e’tiborini tortar ekan, yana bir savol tobora dolzarblashmoqda: bunday sharoitda bir necha oydan so‘ng jahon chempionatini o‘tkazish mumkinmi? Rasman tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, ammo hozirgi voqealar, ayniqsa, o‘yinlar rejalashtirilgan hududlarda vaziyat beqaror ekanini ko‘rsatmoqda.