Sport
Medet Nazarov gigant-slalom dasturidagi ishtirokini yakunladi
Tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Medet Nazarov Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlarida hamyurtlarimizning ishtirokini boshlab berdi.
Gigant-slalom dasturining 1-startida qatnashgan Nazarov 1:25.75 daqiqa natija ko‘rsatdi.
Ikkinchi startda esa dastlabki urinishidan yuqoriroq natija ko‘rsatishga erishdi (1:21.14).
Ikki start yakunida 2:46.89 daqiqa qayd etgan Medet Nazarov ushbu dasturni 50-pog‘onada yakunladi.
O‘zbekiston qishki Olimpiadada ikki nafar sportchi bilan qatnashmoqda. Medet Nazarovdan tashqari, Daniil Yeybog short-trekning 500 metr masofaga yugurish musobaqasida mamlakat sharafini himoya qiladi.
Aslida, qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 4 ta edi: Dmitriy Chigirev va Yekaterina Geynish figurali uchishning juftlik yo‘nalishida saralashdan o‘tgan edi. Lekin Chigirev tayyorgarlik jarayonida jarohat olib, Olimpiadagacha tiklana olmadi.
Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ostida sportchilar 1994 yildan beri barcha qishki olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmoqda. Eng ko‘p vakil aynan shu yili Norvegiyaning Lillehammer shahridagi o‘yinlarda qayd etilgan – 7 nafar. Shuningdek, O‘zbekiston qishki olimpiadalardagi yagona medalini ham shu yili qo‘lga kiritgan – Lina Cheryazova chang‘ida fristayl sport turida oltin medal.
4 yil oldin Pekinda o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston bir nafar sportchi bilan qatnashgan edi – Komiljon To‘xtayev tog‘-chang‘i sport turida.