Sport
Mbappe – mojaro markazida. U klasikoga tayyorlanish o‘rniga ta’tilga ketdi va jamoadoshlarini g‘azablantirdi
Uni muxlislar ham tanqid qilishmoqda. «Real» rahbariyatidan Mbappeni ketkazish talab qilingan petitsiyani 14 milliondan ortiq kishi imzolagan.
«Real» hujumchisi Kilian Mbappe klasiko arafasida Italiyaga ketib qolgani uchun keskin tanqidga uchradi, deb yozmoqda Ispaniya va Fransiyadagi nashrlar. Ushbu forvard jarohatlangan va bo‘sh vaqtida ta’tilga yo‘l olgandi, ammo bu uni ta’na-dashnomlardan qutqara olmadi – jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa uni himoya qilib chiqishiga to‘g‘ri keldi.
Bahslarga sabab bo‘lgan safar
Mbappe 24 aprel kuni «Betis»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:1) tizza osti payini shikastlab olgandi. Klubdagilar 27 yoshli forvard qachon safga qaytishini ma’lum qilmagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u mavsum oxirigacha maydonga tusha olmasligi mumkin, boshqa manbalar esa unda «Barselona»ga qarshi 10 may kuni o‘tkaziladigan klasikoda o‘ynash imkoniyati borligini aytishgan.
Ammo fransuz futbolchisi, aftidan, jarohati haqida unchalik jiddiy qayg‘urmayapti – u ko‘nglini yozishga qaror qildi va sevgilisi, aktrisa Ester Ekspozito bilan Kalyariga yo‘l oldi.
Marca va L’Equipe nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda fransiyalik yulduzning ayrim jamoadoshlari, jumladan, Vinisius Junior bilan munosabatlari yomonlashgan. Va klub uchun qiyin pallada Italiyaga ketib qolishi uning kiyim almashtirish xonasidagi holatini yanada yomonlashtirgan. «Real»dagilar uning klasikogacha jarohatidan tuzalish imkoniyati bo‘lganidan kelib chiqib, tiklanish vaqtida bunday yo‘l tutishni yaxshi g‘oya deb hisoblashmayapti.
Forvardni fanatlar ham tanqid qilishmoqda. Italiyaga sayohat haqidagi yangiliklar fonida madridliklar klubi himoyachisi Fran Garsiyaning fransuz jamoadoshi haqida aytgan so‘zlari yana keng aylanmoqda.
«Bilasizki, bugun bitta futbolchi mashq qilmasligi, to‘p ortidan yugurmasligi mumkin. Ammo bir vaqtning o‘zida bir necha o‘yinchi bu bilan shug‘ullanmasa, bu chempionatda, Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish imkoniyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, agar Kilian ter to‘kib ishlasa, u jamoaning qolgan a’zolariga katta yordam bergan bo‘ladi», – degandi Garsiya yanvar oyidayoq El Camino de Mario kanaliga.
Himoyachi intervyusida Mbappe haqida boshqa ko‘p iliq so‘zlar aytgan bo‘lsa-da, muxlislar tushunarli sababga ko‘ra aynan shu iqtibosni eslab qolgandi. Hozir esa bu gaplar yana dolzarblashdi va ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalmoqda.
Fanatlar «Real» rahbariyatidan Mbappedan qutulish talab qilingna petitsiya ochishgan. Ikki kun ichida uni allaqachon 14 milliondan ortiq kishi imzolagan.
Shu bilan birga, jamoa ixtiyoriga qaytganidan keyin forvard o‘ziga dam olish kunlari olmagan. AS xabariga ko‘ra, u boshqa futbolchilarga dam berilgan vaqtda fizioterapevt va tiklanish bo‘yicha mutaxassislar bilan ishlash uchun «Real» bazasiga kelgan.
Yaqin vaqtlar ichida Kilian MRT tekshiruvidan o‘tadi va shundan keyin uning «Barselona»ga qarshi o‘yindagi ishtirokiga oydinlik kiritiladi.
Bu vaqtda esa futbolchining tarafdorlar uning «Real»da qolishi haqida petitsiya boshlagan va uni ham 10 milliondan ortiq kishi imzolagan.
«Sadoqatiga shubha qilmayman»
«Real» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa yulduzli futbolchisiga qaratilgan tanqidlarga munosabat bildirdi.
«Mbappe boshqa har qanday futbolchi kabi bo‘sh vaqtida xohlagan ishini qilishi mumkin. Men bunga aralasholmayman. Vinisiusning sadoqati unikidan kuchliroqmi? Taqqoslab o‘tirmayman. Menimcha, bizga hamma kerak. Men murabbiylik kursisini egallaganimdan beri doim shuni aytaman: har qanday o‘yinda g‘alaba qozonish uchun har bir futbolchining fidoyiligi kerak.
«Real» smokingda maydonga tushadigan o‘yinchilar bilan emas, balki ter va loyga botgan futbolkalarda o‘yinni yakunlaydigan o‘yinchilar bilan yaratilgan. Bu ajoyib klubda ekanimiz hammamizning omadimiz kelgani. «Real»dan muhimroq futbolchi yo‘q. Lekin men o‘z shogirdlarimning sadoqatiga shubha qilmayman», – deya Arbeloaning so‘zlarini keltirgan Diario AS.
Ispaniyalik mutaxassis Mbappening «Barselona» bilan o‘yindagi ishtiroki hozircha so‘roq ostida ekanini qo‘shimcha qilgan.
«Kilian o‘ynaydimi? Ko‘ramiz, u o‘zini qanday his qilarkan. O‘tgan haftadagi testlar tiklanish jarayoni ko‘proq vaqtni olishini ko‘rsatgandi», – degan mutaxassis.
Mbappe jarohatini davolayotgan mahalda «Real» natijalari uchun butun mas’uliyat yuki Vinisiusning zimmasiga tushmoqda. Va braziliyalik vinger ham uyaltirmayapti – u o‘tgan turda «Espanyol» bilan o‘yinda dubl muallifi bo‘ldi (2:0) va murabbiydan katta maqtov eshitdi. Arbeloa o‘yindan keyin uning jamoaga ta’siri ortib borayotganini e’tirof etdi.
Shunday pallada yana bir qiziqarli yangilik paydo bo‘ldi: jurnalist Fransua Gallardoning ma’lumotiga ko‘ra, Kilianning onasi va agenti hisoblangan Fayza Lamari go‘yoki Madrid klubi prezidenti Florentino Peresga ultimatum qo‘ygan va yozda Vinisiusni sotib yuborishni talab qilgan.
Chempionat yakuniga to‘rt tur qolganida «Real» turnir jadvalida 77 ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan va «Barselona»dan 11 ochkoga ortda qolmoqda. Chempionlik masalasi klasikoda uzil-kesil hal bo‘lishi mumkin.