Jamiyat
mashinada uch odamni urib yuborgan farg‘onalik ayolga nisbatan chiqqan hukm o‘zgardi
Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda tanishining Onix mashinasini boshqargan Xadichabonu Habibullayeva piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 31 yoshli ayol va uning yonidagi ikki yosh bolani urib yuborgan. Apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudi hukmining fuqaroviy da’voga oid qismini o‘zgartirdi hamda YTHdan so‘ng to‘shakka mixlanib qolgan jabrlanuvchi ayolga 100 mln so‘m ma’naviy zarar undirishni belgiladi.
Farg‘onada tanishining mashinasida uch odamni urib yuborgan ayolning qilmishi apellyatsiya sudida ko‘rib chiqildi. Kun.uz sud ajrimi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, birinchi instansiya sudi jinoyat oqibatida jabrlanuvchi Dilafro‘z Sayfullayeva hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast olib, bir joyda yotib davolanayotganini yetarlicha hisobga olmasdan, birmuncha kamroq moddiy zarar undirgan hamda ma’naviy zarar undirish masalasini muhokama qilmagan.
Birinchi instansiya sudi hukmida sudlanuvchidan voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakiliga 280 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilanib, ish bo‘yicha boshqa yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgandi.
Apellyatsiya sudining 2026 yil 17 fevraldagi ajrimi bilan hukmning fuqaroviy da’voga oid qismi o‘zgartirildi. Ya’ni Xadichabonu Habibullayevadan jabrlanuvchi Dilafro‘z Sayfullayevaga 100 mln so‘m ma’naviy hamda voyaga yetmagan jabrlanuvchilarning qonuniy vakiliga 3 mln 351 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilandi. Hukmning qolgan qismi – Xadichabonu Habibullayevaga tayinlangan 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil ozodlikni cheklash jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Xadichabonu Habibullayeva 2025 yil 11 oktyabr kuni tanishining Onix mashinasini “pravasiz” boshqargan. U Farg‘ona shahrining ko‘chalaridan birida sun’iy do‘nglik bilan ajratilgan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan Dilafro‘z Sayfullayeva, uning 3 yoshli o‘g‘li Yasinboy Abdurahmonov hamda 2,5 yoshli jiyani Hadiya Qodirovani urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan Dilafro‘z Sayfullayeva hamon to‘shakka mixlanib yotibdi.