Jamiyat

Marketpleyslarning xaridor oldida javobgarligi qonunan belgilanmoqda

Published

on


Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun muhokama qilindi. Hujjat elektron savdo sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, iste’molchilar huquqini himoya qilish va raqobat muhitini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Qonun bilan Soliq kodeksi hamda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular elektron to‘lovlar, transchegaraviy savdo, raqamli mahsulotlar eksporti va importining huquqiy mexanizmlarini belgilashga qaratilgan.

Eng muhim yangiliklardan biri — elektron tijorat operatorlarining mas’uliyatiga oid norma hisoblanadi. Unga ko‘ra, sotuvchi iste’molchining qonuniy talablarini bajara olmagan yoki javobgarlikni bajarish imkoni bo‘lmagan holatlarda, elektron tijorat operatori ham iste’molchi oldida subsidiar javobgar bo‘lishi mumkin.

Senatorlar muhokamalar davomida raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda elektron savdo bozori uchun aniq va zamonaviy huquqiy baza zarurligini ta’kidladi.

Yangi norma onlayn savdoda ishonchni oshirishi mumkin. Chunki iste’molchi endi faqat sotuvchiga emas, balki ayrim holatlarda savdo platformasiga ham murojaat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Senatda qayd etilishicha, qonun elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish va xalqaro standartlarga mos huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.

Senatorlar fikricha, ushbu choralar mahalliy va xorijiy sotuvchilar o‘rtasida teng raqobat sharoitini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, transchegaraviy elektron savdo tez rivojlanayotgan sharoitda soliq tushumlarini nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamalar yakunida senatorlar qonunni ma’qullashdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version