Iqtisodiyot
Markaziy bank omonat foizlariga soliq joriy etilishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etilishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, muhokamalarga sabab bo‘lgan fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Ta’kidlanishicha, ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish asosida turli tahliliy takliflarni ishlab chiqishi tabiiy hisoblanadi.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, mazkur fikr ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti davomida bildirilgan bo‘lib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan.
Shuningdek, Markaziy bank takliflarni ko‘rib chiqishda ularning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashga alohida e’tibor qaratishini bildirdi.