Jamiyat

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat tobora kuchayib bormoqda. Yurtimizning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratmoqda.

– Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart, – dedi Prezidentimiz.

Joriy yilda 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish, ularga zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, qo‘shimcha qulayliklar va eng muhimi, ishonchli hamda shaffof biznes muhitini ta’minlash zarur.

Shu bois, taqdimotda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan. Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi

Ikkinchi yo‘nalish – “Enterprise Uzbekistan” brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirish.

Taqdimotda mazkur markaz uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani ma’lum qilindi. Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.

Taqdimotda 2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.

Uchinchi yo‘nalish sifatida mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Bunda sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.

Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030-yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mazkur uch yo‘nalish mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizimni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidlab, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version