Jamiyat
Marhum inspektor «Jasorat» medali bilan mukofotlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori, marhum kichik serjant Eshnazarov Hosilbek Beknazar o‘g‘li «Jasorat» medali bilan mukofotlandi.
Farmonda qayd etilishicha, u mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi fidokorona mehnati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini mustahkamlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda qoidabuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish borasidagi katta xizmatlari uchun munosib taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25 fevral kuni soat 21:48 larda Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan YPX inspektori kichik serjant Hosilbek Eshnazarovni 10-sinf o‘quvchisi — voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi «BMW» rusumli avtomashina urib yuborgan edi. Og‘ir tan jarohatlari olgan xodim uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kichik serjant Hosilbek Eshnazarov 2022 yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan. Uning ortidan ota-onasi, rafiqasi, ikki nafar o‘g‘il va bir nafar qiz farzandi qoldi.