Mahalliy
Maktab va OTMlarda kontentni filtrlash tizimi joriy etilishi mumkin
AQShga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Kanadaning «Netsweeper» kompaniyasi bosh texnik direktori Lu Erdeli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda internet makonida xavfsizlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda zararli onlayn kontentni cheklash va ayniqsa bolalar hamda yoshlarni himoya qilishga qaratilgan yechimlarni joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida kontentni filtrlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish, sun’iy intellekt asosida axborotni tasniflash va xavfli kontentni erta aniqlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda telekommunikatsiya operatorlari uchun tarmoq darajasida kontentni boshqarish bo‘yicha texnik yechimlar ham muhokama qilindi. Bu orqali internet makonida xavfsizlikni ta’minlash va zararli axborot tarqalishining oldini olish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta’minlash va foydalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar tizimlarning shaffof ishlashi, xalqaro xavfsizlik standartlariga mosligi va ularni joriy etishda tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralarda raqamli savodxonlikni oshirish va kibermadaniyatni rivojlantirish yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida onlayn xavfsizlik madaniyatini shakllantirish muhim vazifa sifatida qayd etildi.
Shu maqsadda amaliy treninglar va ta’lim dasturlarini tashkil etish, internetdan mas’uliyatli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.