Siyosat
Makfol prezidentlar Putin va Trampning zaif nuqtasini aytdi
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, Stenford universiteti professori Maykl Makfol DW nashriga bergan intervyusida Ukrainadagi urush va uning oqibatlari, AQSh va Rossiya prezidentlari haqida mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
2012-2014-yillarda Rossiyada AQSh elchisi sifatida faoliyat yuritgan Maykl Makfol prezident Vladimir Putinni kuchsiz, zaif shaxs deb atagan.
«Kuchli va aqlli inson turli manbalardan ma’lumot oladi va shu ma’lumotlardan kelib chiqib qaror qabul qiladi. U esa (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) buni uddalay olmaydi. Muqobil ma’lumotlarni tinglamaydi, o‘qimaydi va ularga ko‘ra o‘z qarorlariga tuzatish kiritmaydi. Unda muqobil ma’lumotning o‘zi yo‘q. Bunga men elchi bo‘lgan paytlarimdayoq yaqqol guvoh bo‘lgandim. Unga doim Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Tashqi razvedka xizmati (SVR) qizil papkalar taqdim etib turadi. U DWni ko‘rmaydi, boyagi papkalardan boshqa hech narsani o‘qimaydi. Butun atrofidagilar esa unga faqat u eshitishni xohlagan gaplarni aytishadi. Bu kuch-qudrat emas, zaiflikdir», – deydi professor Maykl Makfol.
Sobiq diplomat fikricha, Putin hammadan va har narsadan qo‘rqadi. Muxolifatchi Aleksey Navalniyning hibsga olinishi va o‘limi buni tasdiqlaydi.
«Uchinchidan, mening fikrimcha, u o‘ta mafkuralashgan odam. U, mana to‘rt yarim yildirki, (Ukrainaga qarshi) dahshatli urushni davom ettirib kelmoqda. Bunday ishga faqat sog‘lom aql bilan ish tutmaydigan odamgina qo‘l urishi mumkin. Putinning g‘oyasi shundan iboratki, u go‘yoki tarixda nom qoldiradigan qahramon. Bunday ishlarni ratsional fikrlay olmaydigan insongina qilishi mumkin», – deb hisoblaydi Makfol.
Siyosatshunos olim AQShning Ukrainaga ko‘magi masalasiga to‘xtalar ekan, prezident Donald Tramp Putinni kuchli shaxs deb o‘ylab xatoga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlagan.
«Donald Tramp – murakkab shaxs. Bizning davlatimiz hozir Ukrainani 100 foiz qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q va bundan juda uyalaman. Ukrainani tashlab qo‘yganimizdan xijolatdaman. Trampgacha harbiy dastak, iqtisodiy yordam bor edi, lekin u buni to‘xtatishga qaror qildi… Shaxsan men buni (Ukrainani qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda – tahr.) nafaqat demokratiya va erkinlik g‘oyalarini yoqlaganim uchun, balki bu bizning milliy manfaatlarimizga daxldor bo‘lgani uchun ham qilishimiz shart deb hisoblayman. Agar biz Rossiya qo‘shinini Ukrainada to‘xtata olsak, Estoniyada yoki NATOning boshqa bir davlatida u askarlar bilan jang qilishimizga hojat qolmaydi… Tramp esa demokratiyalar va diktaturalar o‘rtasida kurash ketyapti deb hisoblamaydi. Uning fikricha, kuchli rahbarlar va zaif rahbarlar bor. Uning nazarida, Putin – kuchli inson, u esa kuchlilarga yordam berishni yaxshi ko‘radi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, men shaxsan Putinni zaif inson deb bilaman», – deydi suhbatdosh.
Maykl Makfol G‘arb 30 yil oldin Rossiyaga nisbatan siyosatda xatoga yo‘l qo‘ygan deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin G‘arb Rossiyadagi demokratik institutlarni dastaklagan holda, Yaponiya va Germaniyaga ko‘rsatilganidek Moskvaga ham keng ko‘lamli ko‘mak ko‘rsatishi kerak edi.
Siyosatshunosning ta’kidicha, keyin ham Rossiyani to‘xtatish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Jumladan, 2008 yilda hali Rossiya kuchli pozitsiyani egallamagan vaqtda Ukraina va Gruziyani NATOga qabul qilish orqali uni tiyib turish mexanizmini joriy etish mumkin edi.
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol Ukrainaning g‘alabasi Vashingtonning strategik manfaatlariga uyg‘un degan xulosani ilgari surgan.