Jamiyat
Mahallalarda ijtimoiy yordamlar ko‘lami kengaytiriladi
Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy reyestrga kiritishdagi qonunbuzilishlarga barham berish va aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yil yakunigacha mahallalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar uchun qator yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy reyestrni yuritishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqid qilindi. Qayd etilishicha, ayrim hududlarda fuqarolarni ijtimoiy reyestrga kiritish asossiz rad etilmoqda yoki ular sun’iy ravishda reyestrdan chiqarilmoqda.
Buning oqibatida ehtiyojmand oilalar ijtimoiy nafaqalar va boshqa yordam turlarini olish, farzandlarini davlat bog‘chalari hamda to‘garaklarga joylashtirish kabi qonun bilan kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti.
Ma’lum qilinishicha, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasiga asossiz ravishda rad javobi berilgan.
Bunday holatlar ayniqsa Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘p uchrayotgani qayd etildi.
Shu sababli ijtimoiy reyestrga kiritish masalasida Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar soni yil boshidan buyon 1,5 barobarga oshib, 30 mingdan 46 mingtaga yetgan.
Yig‘ilishda Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning qonuniy va to‘g‘ri yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga reyestrning haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish vazifasi yuklatildi.
Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, turar joylarni moslashtirish, ijtimoiy uylarga joylashtirish kabi 25 turdagi ijtimoiy xizmatni mahallalar darajasiga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati, «Madad» uylari tashkil etiladi. Yana 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun «Faol hayot» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus «Qo‘llab-quvvatlash markaz»lari tashkil etilishi belgilandi.