Siyosat
Londonda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
26-fevral kuni Londonda Buyuk Britaniya hamda Markaziy Osiyoning besh davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv o‘tkaziladi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.
Nashr muxbirining yozishicha, Buyuk Britaniya parlamenti Quyi palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi uch yil avval e’lon qilgan «Yo‘l ayrilishidagi davlatlar: Britaniyaning Markaziy Osiyodagi ishtiroki» nomli hisobotida London siyosati «yetarli emas», «reaktiv» va «qisqa muddatli vazifalarga qaratilgan» deb baholangan.
Qo‘mita hukumatni aniq va qadriyatlarga asoslangan siyosat ishlab chiqishga chaqirgan. Shuningdek, Rossiya yoki Xitoy bilan bevosita raqobatlashish o‘rniga, Markaziy Osiyo rahbariyatiga «muqobil imkoniyatlar» taklif qilish zarurligi ta’kidlangan.
Nashr, tahlilchilar fikriga tayanib, Britaniyaning mintaqadagi qiziqishi kuchayishiga bir necha omil ta’sir qilayotganini yozadi. Ukraina urushi va uning geosiyosiy oqibatlari, Rossiya ta’sirining qayta baholanishi, Xitoyning iqtisodiy faolligining o‘sishi hamda energetika, mineral resurslar va mehnat migratsiyasi masalalari, shular jumlasidan.
«Xususan, Ukrainadagi urushdan so‘ng Britaniya qishloq xo‘jaligida ishchi kuchiga ehtiyoj ortib, fermer xo‘jaliklari Markaziy Osiyodan ishchilar jalb eta boshladi.
Londonda o‘tadigan uchrashuv Britaniyaning mintaqadagi rolini qayta ko‘rib chiqish va aloqalarni institutsionallashtirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda. Biroq ekspertlar ta’kidlashicha, Britaniya Rossiya va Xitoy ustun bo‘lgan maydonda o‘z o‘rnini topishi uchun aniq strategiya va uzoq muddatli yondashuv talab etiladi», – deb yozadi BBC.
Ma’lumot uchun, ayni kunlarda London shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya, jumladan, Buyuk Britaniya investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri Lord Jeyson Stokvud, «Standard Chartered» banki bosh direktori Saif Malik hamda «Benoy» kompaniyasi bosh direktori Tom Kartlejlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.