Iqtisodiyot
Kreativ iqtisodiyot uchun qanday soliq imtiyozlari bor?
O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi bosqichi doirasida kreativ park rezidentlari uchun qator soliq imtiyozlari joriy etildi. Bu tartib Prezidentning 2025-yil 26-martdagi PF–61-son Farmoni bilan belgilangan.
Hujjatga muvofiq, mazkur imtiyozlar 2025-yil 1-maydan 2031-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Ular kreativ sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy yukini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda sohaning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Farmonga ko‘ra, kreativ park rezidentlari ijtimoiy soliq hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini amaldagi stavkaning 50 foizi miqdorida to‘laydi. Bu mehnatga oid xarajatlarni qisqartirish va xodimlarni rasmiy ish bilan ta’minlashni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Yangi tartibga muvofiq, kreativ park rezidentlari tovarlar, ishlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromad hajmidan qat’i nazar, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, rezidentlar o‘z xohishiga ko‘ra umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tish imkoniyatini ham saqlab qoladi.
Kreativ park rezidenti maqomini olgan yuridik va jismoniy shaxslar adabiy ijod, amaliy san’at va hunarmandchilik, arxitektura, loyihalashtirish va urbanistika, audiovizual san’at, ijrochilik san’ati hamda kreativ ijod bilan bog‘liq boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritishi mumkin.
Soliq imtiyozlari barcha kreativ soha vakillariga emas, balki belgilangan talablarga javob beradigan kreativ park rezidentlariga tatbiq etiladi.
Xususan, mazkur yengilliklardan faqat daromadining kamida 80 foizi kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi faoliyat hisobiga shakllanadigan hamda rasman kreativ park rezidenti maqomini olgan yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi mumkin.
Quyidagi jadvallarda Vazirlar Mahkamasining 90-sonli qarori bilan tasdiqlangan kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlari keltirilgan: