Jamiyat
“Ko‘rinmas odam” – fan haddidan oshganda nima bo‘ladi?
Hayotingizda bir marta bo‘lsin, bu haqida o‘ylab ko‘rgansiz: ko‘rinmas bo‘lib qolish haqida! Asosiysi, ko‘rinmaslik ham emas, ko‘rinmas bo‘lganingizdan keyin nimalar qilishingiz haqidagi o‘ylaringiz. O‘ylaringiz haqida gapirmang. Chunki yolg‘on gapirishingiz mumkin. Chunki inson ba’zan hayotda xayollaridan boshqacharoq odam bo‘lib chiqadi. Bugun biz “5 daqiqa”da Herbert Uellsning “Ko‘rinmas odam” asari haqida gaplashamiz.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
“Ko‘rinmas odam” 1897 yili yozilgan. Bu asar ilmiy-fantastika janridagi klassika sifatida dunyo adabiyotiga kirgan.
“Ko‘rinmas odam” asari yosh fizik Griffin atrofida sodir bo‘ladi. U kichik va izolyatsiyadagi laboratoriyada turli moddalar va energiyalar bilan sinovlar olib boradi. Bu vaqtda u oddiy hayot tarziga ega edi, insonlar bilan aloqada bo‘lib turardi.
Yigit tadqiqotlari ortidan ko‘rinmaslikka erishadi. Ko‘rinmaslik unga odamlar nazaridan yashirin harakat qilish, shaxsiy qudratni sinab ko‘rish imkonini beradi.
Griffinning ichki psixologiyasi ham qadamma-qadam o‘zgarib boradi. Ilk boshlang‘ich davrda u havas va qiziqish bilan tadqiqot olib boradi, lekin ko‘rinmaslikka erishgandan so‘ng u o‘zini odamlardan uzoqlashtirib, ruhiy izolyatsiyaga soladi. Uning harakatlari va qarorlari nafaqat fanga bo‘lgan qiziqish, balki shaxsiy qudrat va mutlaq mustaqillikka intilish tarzda namoyon bo‘ladi.
Qudrat – cheklanmagan istaklarga yetaklaydi
Griffin ilmiy izlanishlarini boshlayotgan vaqtda siz-u bizdek ishlar qilmoqchi edi. Ya’ni insoniyatga yaxshilik qilish, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirish, judayam foydali inson sifatida yashash. Biz undan yaxshiroqmiz, boshqacharoqmiz, demoqchi emasman, albatta. Aslida kim ekanimizni bilish uchun avval ko‘rinmas odamga aylanib ko‘rishimiz kerak.
Uzr, mavzuga qaytamiz. Ko‘rinmaslikka erishgan Griffin insonlarga qo‘rquv soladi, hayratlantirishni istaydi. Shuningdek, qishloq aholisi uning noma’lum harakatlaridan bezovta bo‘la boshlaydi.
Griffin qudrat hissi va axloqiy me’yorlar, mustaqillik va jamiyat bilan bog‘liqlik sabab har qadamda ziddiyatga duch keladi. U o‘z harakatlarini aql va axloq me’yorlari bilan muvofiqlashtirishga harakat qiladi, biroq o‘xshamaydi. U ko‘rinmas odamga aylangach, amalda hech kimga yaxshilik qila olmaydi.
Jamiyat bilan to‘qnashuv
Griffin aholi va politsiya bilan to‘qnashadi. Shaharcha ko‘chalarida qo‘rquv va tartibsizlik kuchayadi. Yigitning qudrati va shaxsiy manfaatlari jamiyat hayotiga jiddiy ta’sir qiladi. Qahramonning ko‘rinmasligi nafaqat uning o‘zini, balki atrofdagilarni ham xavf ostiga qo‘yadi.
Griffinning baland orzulari, maqsadlari maydalashib ketishi ortidan hammasi barbod bo‘ladi. Dunyoga hokim bo‘lishni istaydi. Natijada odamlar uni qabul qilolmaydi. U dunyoni yaxshilikka o‘zgartira olmaydi.
Yozuvchi “Ko‘rinmas odam” orqali ilm-fan va qudratning inson hayotida ikki xil namoyon bo‘lishini ko‘rsatib beradi. Fan va tadqiqot orqali inson yaxshilik qilish imkoniga ega. Lekin axloq va mas’uliyatsiz qudrat inson uchun ham, atrofdagilar uchun ham fojiaviy oqibatlar olib kelishi mumkin.
Savollar
Shu o‘rinda mavzuga doir savollar ko‘ngildan o‘tadi. Siz qudrat egasi bo‘lsangiz, aytaylik, ko‘rinmas odamga, uchar odamga, xullas, supermenga aylansangiz nima qilardingiz? Mutlaq hukmdorlikni sevib, boshqalarning erk-u huquqini toptamaslikka kuch topa olarmidingiz? Qanday qilib yaxshi odam bo‘lib qolish mumkinligini isbotlardingiz? Yuqoridagi kitob shu haqdagi savollarga javob topib qo‘yishingizga imkon beradi.
Isomiddin Po‘latov.