Jamiyat
«Koreyaga ishchi viza» va’da qilgan firibgar 7 000 dollar bilan qo‘lga tushdi
Qashqadaryo viloyatida fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan xorijga yuborishni va’da qilgan navbatdagi firibgarning kirdikorlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, X.S. ismli shaxs ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga u qonuniy «ishchi vizasi» rasmiylashtirib berish xizmati uchun jami 165 million so‘m talab qilgan.
Departamentning viloyat boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorlikda X.S.ni ashyoviy dalillar bilan voqea joyida ushlashdi. U so‘ralgan pullar hisobidan 7 000 AQSh dollarini naqd pul shaklida olayotgan bo‘lgan.
Unga nisbatan JK 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda ushbu jinoyatning boshqa tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.