Sport

klub yangi futbolchilar uchun allaqachon 300 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi

Published

on


Va bu bilan to‘xtamoqchi emas. Klubda buncha pul qayerdan?

«Liverpul»ning eng optimistik fanatlari ham yoz bunday o‘tishini kutmagandi: iyul oxiriga kelib klub allaqachon besh nafar yangi futbolchi sotib olib, transferlar bo‘yicha rekordini yangiladi – iyun oyida Virsga 125 million yevro to‘langandi, endi esa 80 million yevro evaziga (15 million yevrogacha yetadigan bonuslar ham va’da qilingan) «Enfild»ga Ekitike tashrif buyurdi.

Angliyaning amaldagi chempioni bu bilan to‘xtamoqchi emas: ko‘plab insaydlarga ko‘ra, Arne Slot yangi markaziy himoyachi olinishini hamda hujum chizig‘i yanada mustahkamlanishini kutmoqda.

Bunday faollik ko‘pchilikni ajablantirdi, chunki «Liverpul» so‘nggi vaqtlarda Yevropaning transferlar oynasida ancha vazmin ishlaydigan va qimmatbaho transferlarga jazm etmaydigan top-klubi hisoblanardi.

2025 yil yozida esa strategiya o‘zgardi va buning o‘z sabablari bor.

«Liverpul» kuchli transfer kampaniyasi o‘tkazish uchun yillar davomida pul tejagandi

2015 yildan keyingi transferlar oynasidagi harajatlar olinganda «Liverpul» toza xarajatlar bo‘yicha (sotuvdan tushgan pullar ayirib tashlanganda) yettinchi o‘rinni band etgan: jamoa APLdagi an’anaviy oltilikning besh vakili hamda «Nyukasl»ni oldinga o‘tkazib yuborgan.

Grandlar transfer rekordlarini yangilash bilan band bo‘lganida, mersisaydliklar o‘z akademiyasidagi futbolchilarga e’tibor qaratib, ularni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilgan.

So‘nggi o‘n yillikda qimmatbaho xaridlar ham bo‘lgan – van Deyk, Alisson, Nunes. Ammo «Liverpul»ning hozirgi rahbariyati uchun bu istisno holatlar edi – bu futolchilar olinishi tufayli klub boshqa pozitsiyalarni kuchaytirmagan va kam sonli transferlar bilan cheklangan.

Endi esa barchasi o‘zgardi.

Yozning dastlabki ikki oyida «Liverpul» Florian Virs, Milosh Kerkez, Jyeremi Frimpong va Ugo Ekitikeni transfer qildi. Shuningdek, transferi haqida bir yil muqaddam kelishib qo‘yilgan Georgiy Mamardashvili rasman safga qo‘shildi, hisobotlarda bu futbolchi ham yangi mavsum uchun transfer sifatida qayd etiladi.

Bu futbolchilar uchun xarajatlar 300 million yevroga yetdi, oldinda esa yana ikki-uch transfer bo‘lishi mumkin. Lekin bu zaxira o‘rindig‘i uchun emas — insayderlar «Real»dagi Rodrigo, «Nyukasl»dagi Entoni Gordon va hatto Aleksander Isak bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini yozishgan. Shu tariqa, «Liverpul» yozgi transferlar oynasidagi xarajatlar bo‘yicha 400 million yevrolik nuqtadan o‘tishi mumkin.

Agressiv transfer siyosati tashabbuskori – Maykl Edvards, u «Liverpul» egasi hisoblangan Fenway Spors Group kompaniyasida 2024 yildan boshlab barcha futbol amaliyotlarini nazorat qiluvchi menejer hisoblanadi. Avval u klub sport direktori edi (aynan uning davrida Mane, Saloh, van Deyk, Alisson va boshqa ko‘plab yulduzlar olib kelingan, shuningdek, Koutinio 140 million yevroga pullangandi). Endi u klubdagi asosiy rahbarga aylandi va aftidan aynan u Moneyball vektori bo‘yicha bozorda shov-shuv ko‘tarayotgan qimmatbaho transferlar uchun mas’uldir.

Buncha pul qayerdan?

Hal qiluvchi omil – iqtisod qilingani: klub har mavsumda turnirlardagi ishtiroki uchun katta pullar ishlab olgan, ammo so‘nggi ikki transfer oynasida faqat 12 million yevro sarflagan. Federiko Kiyezani sotib olish uchun. Taqqoslash uchun, 2024/25 yillar mavsumidagi natijalar tufayli (APL chempionligi, Chempionlar ligasining guruh bosqichidagi birinchi o‘rin) 220 million yevrodan ortiq daromad keltirgan. Bundan tashqari, tijoriy daromadlar hamda homiylik kelishuvlaridan tushadigan mablag‘lar ham oshib borgan – masalan, adidas bilan yanada yaxshiroq shartlarda yangi kelishuv tuzilgan.

Shuningdek, «Liverpul» hali asosiy aktivlarini sotishga ulgurmaganini ham hisobga olish kerak, ehtimoliy transferlardan tushadigan mablag‘ moliyaviy hisobotni muvozanatga keltirishi kerak: Luis Dias «Bavariya» bilan muzokaralar olib bormoqda, Darvin Nunesga esa Saudiya Arabistonidan taklif bor. Ikkisi uchun qo‘shimcha 100-150 million yevro ishlab olinishi mumkin.

Qizillar bu yozda Kevin Kelleher, Trent Aleksandr-Arnold va Jarell Kuansa kabi futbolchilari transferidan 60 million yevro ishlab olgan.

Harvi Elliott ham ketishi kutilmoqda, klub uning uchun kamida 50 million yevro ishlab olishni ko‘zlagan, shuningdek, akademiya tarbiyalanuvchilari Tayler Morton va Ben Doak ham bir necha o‘n million yevroga pullanishi mumkin.

Lekin shunda ham «Liverpul» transferlar oynasini baribir minusda yakunlashi ehtimoli yuqori. Ammo «Enfild»dagilar buni o‘ziga ep ko‘ra oladi.

Boshqa masala muhim: doimiy ravishda APL grandlariga muammo tug‘dirayotgan moliyaviy qoidalar bilan nima bo‘ladi? Ammo bu yerda ham hech qanday muammo yo‘q: ko‘p yil davomida iqtisod qilingani va transferlar masalasidagi intizom klubga APLdagi daromadlilik va barqaror rivojlanish (PSR) qoidalari, shuningdek, moliyaviy feyr-pley normalari doirasida katta zaxira yaratish imkonini bergan. Moliyaviy ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, «Liverpul» bu transferlar oynasida hisobotlar bilan bog‘liq muammolardan qo‘rqmasdan, futbolchilarini sotmasdan ham yana 100 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflashi mumkin.

Bunga bitimlar to‘g‘ri tuzilishi tufayli ham erishilgan: transferlar uchun pullar birdaniga emas, transhlarga bo‘lib to‘lanadi, bu esa hisobotga mablag‘ning faqat bir qismini kiritishga imkon beradi: masalan, bu yoz uchun hisobotlarda Virs uchun 100 million funt emas, 20 million funt yoziladi. Bunday yo‘ldan «Liverpul»dan boshqa klublar ham foydalanadi, ammo boshqa omillar bilan birgalikda bu klubga moliyaviy masalarda xotirjam bo‘lish imkonini beradi.

Shuningdek, ko‘p yillardan buyon ilk bor shu yil «Liverpul» infratuzilma uchun pul sarflashiga hojat yo‘q. Stadion maksimum kengaytirib bo‘lindi, o‘ta zamonaviy mashg‘ulot bazasi barpo etildi, 2015 yilda «Enfild»ni kengaytirish boshlanganidan buyon har yili qo‘shimcha mablag‘lar ajratib kelingandi, endi ishlar yakunlangan. Qolaversa, stadionda yangi tashkil etilgan o‘rindiqlar ham klub uchun qo‘shimcha daromad manbayi bo‘ladi.

«Liverpul» muxlislari tejamkorlik sharoitida ajoyib natijalarga erishgan hamda klubni yangi darajaga olib chiqqan Yurgen Kloppdan minnatdor bo‘lishlari kerak. Endi mersisaydliklar Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri bo‘lgan holda tarkibni yanada kuchaytirish uchun juda ko‘p pul sarflashi mumkin bo‘ladi.

O‘tgan mavsumda klub daromadlari tarixda ilk bor 800 million yevrodan oshdi, bungacha Angliyada bunday raqamni faqat «Manchester Siti» qayd eta olgan. Qolaversa, avgustda TV-translatsiyalar huquqlari bo‘yicha yangi sikl boshlanadi va APL klublari daromadlari o‘rtacha 17 foizga oshadi. Bularning barchasi klubning kelajakda ham moliyaviy jihatdan barqaror bo‘lib qolishini anglatadi.

Biroq, bunday transfer siyosati odatiy holga aylanishini kutish qiyin: yozgi xaridlar bilan Slot yangi jamoasi uchun poydevor qo‘yadi va katta ehtimol bilan «Liverpul» keyingi yozlarda o‘zini ancha xotirjam tutadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version