Jamiyat
“Kichkina xonada 6 kishi yashayapmiz” – Toshkentda qurilish firmasi yuzlab odamning uyini vaqtida topshirmadi
“City oil” MChJ Bektemir tumani Iqbol mahallasidagi qurilish obektini va’da qilingan muddatda topshirmadi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi firma tegishli hujjatlarsiz ish boshlagani uchun qurilish jarayonlarini to‘xtatib qo‘ygan. Shu yilning dekabrida foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan ko‘p qavatli uy qurilishi hali boshlanmagan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
2019 yilda Toshkent shahri hokimi qarori bilan “City oil” MChJga Bektemir tumanining Iqbol mahallasi hududidan ko‘p qavatli uy qurish uchun 70 sotix yer maydoni ajratib berilgan. 2018 yil davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ta’sischilari “Maryam fayz” MChJ va Zohidova Gulnoza Zokirjonovna bo‘lgan “City oil” MChJ esa kvartiralarni shartnoma muddatida topshirolmayapti.
Investorlarning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari 2019 yilda boshlangan. Ammo tuzilgan shartnomalarda xonadonni topshirish muddati har xil, birida 2022 yil, boshqasida 2023 yil qilib ko‘rsatilgan.
“2023 yil sentabr oyida ushbu firmani topganman. “City oil” qurilish kompaniyasining firmasi ko‘p: “Maryam fayz”, “Ekolider”. Shu yilning birinchi choragida o‘z uylarini sotuvga qo‘yishgan. 50 foizini to‘laganman. Qolganini ikki yil davomida oyma-oy bo‘lib to‘lashga shartnoma tuzilgan. Bizlarniki hali qurilmagan, kotlovan holatida yotibdi. Uyni 2025 yilda topshiramiz deyishgan”, deydi fuqaro Oybek Egamberdiyev.
Unga ko‘ra, quruvchi 15-20 kunda ish boshlashini aytib keladi. Biroq natija yo‘q.
Boshqa bir investor Abdurahmon Mamatqulov ham qurilish ishlari reja bo‘yicha ketmayotganini bildirdi. Uning uyi shartnoma bo‘yicha 2022 yil martida topshirilishi kerak bo‘lgan.
“2021 yil fevral oyida to‘lov qilganmiz. 128 mln so‘m to‘ladim. 1 yilda topshirishi kerak edi. Mana, shuniyam qil-qil, deb zo‘rg‘a qurdirganmiz. Bizlarga fasadni qilib beramiz, kirib yashaysizlar, deb va’da berishgandi. Hech qanaqa ish ketayotgani yo‘q. To‘xtab qolgan, tom va fasad oxirigacha qilinmagan, umuman ishchilar yo‘q. Hozir ko‘pchilik oyiga 300-400 dollar to‘lab ijarada yashaydi. So‘rasak “bo‘ldi, ertaga, indinga” deydi. 3 nafar xodimini qo‘yib qo‘ygan”, deydi Abdurahmon Mamatqulov.
Fuqaro Azima Gaziyevaning aytishicha, hokimiyat va vazirlik uy uchun to‘lovlarni to‘lamay turishga chaqirgan.
“2023 yil iyunda 2 nafar ukam va o‘g‘limga 50 foizdan 3 ta xonadonga to‘lov qildik. Hozirgi kungacha har bir xonadonga 240 mln so‘mdan to‘lab qo‘ydik. Hokimiyat va vazirlik hozircha to‘lovlarni to‘lamanglar, dedi. Ularning ofisiga borib, qachon mening blokimga kelib, qurilish boshlansa, o‘shanda to‘layman, deya xat ham yozdirib keldim. Bu yil dekabrda topshirishi kerak edi. Kotlovani ham yo‘q.
Menga yaqinda pochta orqali xat keldi: shartnomani bir taraflama bekor qilishmoqchi ekan. Ofisiga bordim. Nima uchun, desam, “Sen agitatorsan, odamlarni yig‘ib, vazirlikka borasan, shikoyat qilasan, bizlarga to‘sqinlik qilyapsan”, deyishmoqda. O‘sha uchun menga jarima solmoqchi, yana ichki ishlarga mening ustimdan yozyapti. Nima uchun? Men nogiron bo‘lsam, o‘zimizning haqqimizni talab qilyapmiz”, deydi ayol.
U yuqori tashkilotlarga qilgan murojaatlari samara bermaganini, ishchilar xo‘jako‘rsinga 1-2 kun ishlab ketayotganini aytdi. Azima Gaziyeva reklamaga ishonib ushbu firmadan xonadon sotib olgan. Hozirda riyeltorlik kompaniyasi to‘langan pul mablag‘larini undirib berishni ma’lum qilgan.
“Ular bizga faqat pullaringni undirib bera olamiz, deb aloqaga chiqishdi. Shuni ham 5-6 yilda bo‘lib-bo‘lib kartamizga tashlab berarkan. Qurilish-chi, bizlarga uy kerak, desak, “Yo‘q, hali 2030 yilda ham uyinglar bo‘lmaydi”, dedi. Shartnoma bo‘yicha “City oil”ning direktori Ilhom Salomov. Keyin eshitsak, u qamaldi, o‘tirib ham chiqdi. 3 nafar direktor almashdi”, deydi u.
Fuqaro Adolat Usmonovaga ham shu yil dekabr oyida xonadon topshirilishi kerak edi. U uy uchun 200 mln so‘mdan ortiq pul to‘lagan. Ammo uning uyi qurilishi hali boshlanmagan.
“Bolalar to‘lagani uchun men aralashmagandim. O‘g‘lim, kelinim, 3 ta nevaram bilan bir xonali yotoqxonada turamiz. Kichkina xonada 6 kishi yashayapmiz. Hamma kelinimdan “qaynonangiz qayerda yotadi?” deb so‘rarkan. O‘zimdan ham so‘rashadi. Oshxonada yotaman”, deydi Adolat Usmonova.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “City oil” MChJ sobiq rahbari Ilhom Salomovning sudlangani qurilish ishlariga ta’sir qilgan.
Kun.uz muxbiri MChJning hozirgi rahbari Bahrom Yo‘ldoshev bilan bog‘landi. U investorlar bilan qo‘shimcha shartnomalar tuzilishini, qurilish ishlari tez kunlarda boshlanishini ma’lum qildi.
“Hozir tayyor bo‘lgan 4 pod’yezd binomiz bor. Shuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kerak. Ayni paytda bu bo‘yicha chora-tadbir o‘tkazilyapti. Bu bo‘lmaguncha qolgan bosqichlarini boshlashga haqqimiz yo‘q. “Gospriyomka”ni 1,5 oyda qilasizlar, keyin qolganiga ruxsat beramiz, deyishgan. Reja-grafik asosida qolgan bloklarimizda ishlar 15 sentabrdan boshlanadi. Qurib bitkazilgan 4 pod’yezdli binoni 15 sentabrgacha aholiga topshiramiz. Injyenerlik tarmoqlari va quyosh batareyalarini o‘rnatsak bo‘ldi. Ichki pardozlash ishlari tugadi, topshirishga tayyor holatda. Quyosh batareyasiga buyurtma berganmiz, tayyor bo‘lib qolibdi, o‘zlari kelib, montaj qilib ketadi, boshqa ish qolmadi”, deydi Bahrom Yo‘ldoshev.
MChJ rahbarining qo‘shimcha qilishicha, joriy yil dekabrda topshirilishi kerak bo‘lgan ko‘p qavatli uylar 2026 yil avguctigacha qurib bitkaziladi: qurilish ishlarini amalga oshirish uchun firma mablag‘i yetarli.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi “City oil” olib borayotgan qurilish ro‘yxatdan o‘tmagani uchun to‘xtatilganini bildirdi. “City oil”ning kengash xulosasi, ekspertizasi yo‘q”, deyiladi inspeksiya axborotida.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz