Iqtisodiyot

Kichik biznesga keng ko‘lamli soliq erkinliklari e’lon qilindi (batafsil)

Published

on


AOSdan QQSga o‘tish chegarasi qariyb 5 mlrd so‘m deb belgilandi va bu miqdor BHMga bog‘lab qo‘yildi. Savdo va xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalari uchun 6 foizlik QQSni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan soliq rejimi joriy etilmoqda. QQS masalasida tadbirkorlarni qiynab kelgan qator muammolarga yechim berildi.

“Kichik biznes subektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida” prezident farmoni e’lon qilindi.

QQSga o‘tish chegarasi oshirildi

2026 yil 1 iyundan boshlab umumiy soliq rejimiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 12 000 baravari etib belgilanadi. Bu summa hozirda 4 mlrd 944 mln so‘mga teng.

2020 yil 1 yanvardan buyon umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi 1 mlrd so‘m edi.

6 foizlik QQS

2026 yil 1 iyundan 2030 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga (davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

Soddalashtirilgan tartibda:


QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi berilmaydi;
soliq solishning umumbelgilangan tartibida nazarda tutilgan QQS bo‘yicha mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va to‘langan soliqning bir qismini qaytarib berish tartibi qo‘llanmaydi; QQSning mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi;

Soddalashtirilgan tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlaridan tovarlar va xizmatlarni sotib olgan xaridorlarda QQS summasini hisobga olish huquqi saqlanib qoladi.

QQS bo‘yicha soddalashtirilgan tartibga o‘tish yoki uni qo‘llashdan voz kechish tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi.

Soddalashtirilgan tartibdan umumbelgilangan tartibga o‘tilganda, soliq to‘lovchi bunday o‘tish sanasida o‘z balansida mavjud bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar va uzoq muddatli aktivlar qoldiqlarining balans qiymatida hisobga olingan QQS summalarini belgilangan tartibda hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar va xarid cheklarida QQSni 6 foizlik stavka bo‘yicha hisoblash hamda uning alohida hisobini yuritish tizimini bir oy muddatda joriy etishi kerak.

QQS ma’murchiligini yaxshilash

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi bekor qilindi.

Importni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi deb e’tirof etish tartibi ham tugatildi.

Bundan buyon QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat ushbu soliq to‘lovchilar hisobini yuritish maqsadida beriladi va ta’sir choralarini belgilashga asos bo‘lib hisoblanmaydi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past bo‘lgan hollarda QQSning salbiy farq summasini qaytarishda (qoplashda) inson omili ishtirokidagi joriy amaliyotdan voz kechiladi.

Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil 1 oktyabrga qadar elektron hisobvaraq-fakturalar va soliq hisobotining xavf darajasini real vaqt rejimida baholash natijasida qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini avtomatik tarzda qaytarish (qoplash) amaliyotini joriy etishi kerak.

Soliq to‘lovchilarda mazkur farmon kuchga kirgunga qadar hosil bo‘lgan hamda kelishda hosil bo‘ladigan 10 mln so‘mgacha QQS bo‘yicha salbiy farq summalari ularning arizasi talab etilmagan holda, avtomatik tartibda qaytarib beriladi. Ushbu summani qoplab berish bilan bog‘liq soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

Kichik biznes sub’yektlariga ma’muriy yukni kamaytirish

2028 yil 1 yanvarga qadar kichik biznes sub’yektlariga soliq organlarining “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi orqali aniqlanadigan soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini mustaqil tuzatish imkoniyati berilib, quyidagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi:


soliq xavfi summasi besh yuz million so‘mgacha bo‘lganda — soliq auditi;
soliq xavfi summasi yuz million so‘mgacha bo‘lganda — sayyor soliq tekshiruvi.

2026 yil 1 iyuldan boshlab kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilganda, soliq to‘lovchilarning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni faollashtirish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilishi kerak.

2027 yil 1 yanvardan boshlab, kichik biznes sub’yektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki baravar oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.

Mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohalari

2026 yil 1 iyundan boshlab, mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan:


alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu sub’yektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.

2026 yil 1 iyundan boshlab, umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun:


ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab, alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi.

Ijara to‘lovlari

2026 yil 1 iyundan boshlab, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bino va inshootlarga hamda yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanishda to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdori Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlanadigan yer solig‘ining bir baravari miqdorida belgilanadi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi; Toshkent shahri bundan mustasno.

Farmon kuchga kirdi

Mazkur farmon norma va qoidalari, agar ularning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, darhol kuchga kirishi belgilangan.

Qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflar bir oy muddatga Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version