Sport
«Keyingi yil YeChL uchun qaytamiz». «Arsenal» Londonda chempionlik paradi o‘tkazdi
London ko‘chalariga rekord darajada bir yarim million kishi chiqdi.
Chempionlar ligasi finalidagi mag‘lubiyatga qaramay, «Arsenal» 31 may kuni APLdagi uzoq kutilgan g‘oliblik sharafiga chempionlik paradi o‘tkazdi.
Marosim «Emireyts» stadionidan boshlandi. Unda erkaklar jamoasi bilan birga UYeFA chempionlar kubogidagi g‘oliblikni nishonlayotgan ayollar jamoasi ham ishtirok etdi.
Paradning asosiy kolonnasi to‘rtta avtobusdan iborat bo‘lib, ularning har birida futbolchilardan tashqari murabbiylar shtabi vakillari va boshqa xodimlar, tanlab olingan muxlislar, shuningdek, maxsus mehmonlar ham bor edi.
London politsiyasi xabariga ko‘ra, chempionlikni nishonlash uchun bir yarim million kishi ko‘chalarga chiqqan. Bu esa Angliya tarixidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Fanatlar shu kuni klub bayroqlari, sharflari va plakatlar bilan Londonni qizil rangga burkashdi.
Ular 22 yil kutilgan chempionlikni nishonlash bilan birga bir kun oldin finalda mag‘lub bo‘lgan futbolchilarga, jumladan, hal qiluvchi penaltini aniq ijro eta olmagan Gabriel Magalyaynsga dalda berishga ham harakat qilishdi.
Jamoa yetakchisi Deklan Rays avtobusda turgan holda londonliklar keyingi mavsumda Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish uchun qaytishini aytib, muxlislarni katta g‘alabalarga ishonishda davom etishga chaqirdi.
Klub xo‘jayini, amerikalik milliarder Josh Kronke ham chempionlikni futbolchilar davrasida nishonladi
«Men bu klubni, murabbiyni va muxlislarni yaxshi ko‘raman. Biz hali tugatmadik, ko‘proq narsani xohlaymiz. Kelgusi yili Chempionlar ligasi uchun qaytamiz. Yoki buning bir qismi bo‘ling, yoki bir chetga o‘ting», – dedi yarimhimoyachi.