Sport

«Ketishim sababini so‘ramang». Gvardiola «Siti» bilan xayrlashdi

Published

on


«Shaharliklar» uning boshqaruvidagi 10 yil davomida jami 20 ta sovrinni qo‘lga kiritishdi, bular orasida YeChL kubogi va APLdagi olti g‘oliblik ham bor.

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mavsum yakunida klubni tark etadi. Bu ma’lumot «shaharliklar» klubi matbuot xizmati tomonidan rasman tasdiqlandi.

Pep klub bosh murabbiyi lavozimini tark etganiga qaramay, City Football Group bilan hamkorlikni davom ettiradi va global elchi lavozimini egallaydi.

«Bu vazifada u guruh tarkibidagi klublarga texnik maslahatlar berib, aniq loyihalar va hamkorlik ustida ishlaydi», – deyiladi klub xabarida.

Ma’lumot uchun, 55 yoshli mutaxassis «Manchester Siti»da 2016 yildan buyon ishlab kelayotgandi. Uning rahbarligida jamoa jami 20 sovrin, jumladan bitta YeChL kubogi va olti marta APL g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

2025/26 yillar mavsumini esa «shaharliklar» ikkinchi o‘rinda yakunlamoqda.

19 may kuni Gvardiola o‘rnini italiyalik Enso Mareska egallashi haqida xabar qilingandi.

“What a time we have had together.” 🩵 pic.twitter.com/WpkFecBYT4


— Manchester City (@ManCity) May 22, 2026

Klub matbuot xizmati murabbiyning klub muxlislari bilan xayrlashuv videosini ham e’lon qilgan. Quyida uning matn shakli keltiriladi:

«Men kelganimda, ilk intervyuim Noel Gallaher (Oasis guruhi solisti) bilan bo‘lgandi. O‘shanda suhbatdan chiqib: “Xo‘sh… Noel shu yerda ekanda? Demak, juda qiziq bo‘ladi”, deb o‘ylaganman.

Biz birga qanday go‘zal davrni boshdan kechirdik. Ketishim sabablari haqida so‘ramang. Hech qanday sabab yo‘q. Lekin qalbimning tubida bilaman: ketadigan vaqtim keldi. Hech narsa abadiy emas. Agar abadiy bo‘lganida, men bu yerda qolgan bo‘lardim. Abadiy qoladigan narsa – bu hissiyotlar, odamlar, xotiralar va mening «Manchester Siti»ga bo‘lgan muhabbatimdir.

Bu shahar mehnat bilan qurilgan. Og‘ir mehnat bilan. Buni g‘ishtlarning rangida ham ko‘rish mumkin. Erta tongda ishga kelib, kechgacha qolgan odamlarda ko‘rish mumkin. Zavodlar. Pankhyorstlar oilasi (Manchesterdagi siyosiy faollar). Kasaba uyushmalari. Musiqa. Sanoat inqilobining o‘zi va uning dunyoni qanday o‘zgartirgani. Menimcha, men buni tushundim. Mening jamoam ham tushundi.

Biz mehnat qildik. Qiynaldik. Kurashdik. Hammasini o‘z yo‘limiz bilan amalga oshirdik. O‘zimizga xos tarzda.

Og‘ir mehnat turli ko‘rinishlarda bo‘ladi. Bornmutga safarda, APLni boy berganimizda – siz o‘sha yerda edingiz. Istanbulga safar (2023 yilgi YeChL finali) – siz u yerda ham bor edingiz.

«Manchester Arena»dagi teraktni (2017 yil 22 may kuni Manchesterda amerikalik qo‘shiqchi Ariana Grandening konserti vaqtida portlash ro‘y berib, 23 kishi halok bo‘lgan va 120 dan ortqi kishi yaralangandi) eslaysizmi? O‘shanda bu shahar butun dunyoga haqiqiy kuch nimaligini ko‘rsatgandi. G‘azab emas. Qo‘rquv emas. Faqat muhabbat. Hamjamiyat. Birlik. Birlashgan shahar.

COVID pandemiyasi vaqtida onamdan ayrilganimni va bu klub o‘sha og‘ir damlarda meni qanday qo‘llab-quvvatlaganini eslaysizmi? Muxlislar, xodimlar, manchesterliklar – sizlar menga eng kerak paytda kuch berdingiz. Kris, farzandlarim, butun oilam – sizlar har doimgidek yonimda bo‘ldingiz. Haldun, sen ham yonimda eding.

Futbolchilar unutmaydi – har bir soniyani, har bir lahzani, meni, shtabimni, bu klubni, hammasini. Biz qilgan har bir ishni sizlar uchun qildik. Sizlar esa shunchaki beqiyos edingiz. Hali buni o‘zingiz ham bilmaysiz, lekin sizlar ortingizdan meros qoldiryapsiz.

Shunday ekan, mening vaqtim yakuniga yetayotganida, xursand bo‘ling. Oasis yana biz bilan.

Xonimlar va janoblar, ishonchingiz uchun rahmat. Meni ruhlantirganingiz uchun rahmat. Meni yaxshi ko‘rganingiz uchun rahmat.

Toni Uolsh (mahalliy shoir) o‘zining unutilmas she’rida: «Bu joy», degandi. Kechir, Toni kechir, ammo bu – mening joyim edi.

Noel… men haq edim. Bu juda ham ajoyib sarguzasht bo‘ldi. Barchangizni yaxshi ko‘raman».





Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version