Siyosat

Kelgusi hafta Yaponiya – Markaziy Osiyo sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda

Published

on


Joriy yil 19-20-dekabr kunlari Tokio shahrida Yaponiya hamda Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlari ishtirokida «C5+1» formatidagi sammit o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Nippon nashri xabariga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaitining mintaqa davlatlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

«So‘nggi olti oy ichida Rossiya, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan sammitlar o‘tkazdi. Diplomatik nuqtai nazardan Yaponiya ham bunday sammitni muvaffaqiyatli o‘tkazishi juda ham muhim», — degan Yaponiyaning iqtidordagi Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti Taro Aso.

Ma’lumot o‘rnida: Yaponiyaning o‘sha paytdagi bosh vaziri Fumio Kishida 2024-yilning 9-12-avgust kunlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan safari hamda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammitini Kunchiqar o‘lkada sodir bo‘lishi aytilgan kuchli zilzila tufayli bekor qilgan edi.

2024-yilning 9-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida o‘rtasidagi telefon muloqotida oliy darajadagi uchrashuvni tashkil etishning yangi muddatini diplomatik kanallar orqali kelishishga ahdlashilgandi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgust oyida Yaponiya tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Kitamura Tosixiro «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitini imkon qadar tez muddat o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Toshkentda Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Ushbu uchrashuvda ham siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikka doir aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi bo‘lajak sammit yuzasidan ham fikr almashilgandi.

Ushbu muloqot formati ta’sis etilganiga 21 yil bo‘ldi. Yaponiya sobiq tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguchining 2004-yil 26-avgustda Toshkentga tashrifi chog‘ida tashkil etilgan ushbu noyob format Kunchiqar o‘lka va Markaziy Osiyoning beshta davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston) o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda samarador platformaga aylandi.

Hozirga qadar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining tashqi ishlar vazirlari darajasida to‘qqizta uchrashuvi o‘tkazilgan.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivayaga ko‘ra, rasmiy Tokio «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida mintaqa bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va birgalikda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni qat’iy qo‘llab-quvvatlash niyatida.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version