Sport
Kelganimdan beri milliy jamoada faqat o‘sishni ko‘ryapman – Fabio Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi FIFA Series 2026 turnirida qo‘lga kiritilgan g‘alabadan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro FIFA Series 2026 turniri doirasidagi Venesuelaga (0:0, pen. 5:4) qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«O‘ylashimcha, yaxshi o‘yin bo‘ldi, biz uni nazorat qildik. Asosiy vaqtda g‘alaba qozonish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘ldik, ammo gol urolmadik. Yigitlarga rahmat, yaxshi o‘yin o‘tkazishdi va iroda namoyish etishdi. Qisqa muddatda ikki o‘yinni yutish uchun ruhan kuchli bo‘lish kerak.
O‘yinni juda yaxshi boshladik. Yuqori pressing qildik, yakkakurashlarda ustun keldik. Himoyada jamoa sifatida juda yaxshi ishlayapmiz. Himoya faqat himoyachilar uchun emas, himoya va yarimhimoya o‘rtasida uyg‘unlik bo‘lishi zarur.
Standart vaziyatlar? Bu borada ishlashga vaqtimiz ko‘p emas, lekin yigitlarga kerakli ko‘rsatmalarni berdik. Bizda standartlarni yaxshi ijro etadigan ikki futbolchi bor: Otabek Shukurov va Aziz G‘aniyev.
Jismoniy holat? Bu borada ishlayapmiz, yaxshilanyapmiz. Superligadagi futbolchilar endi 4 ta tur o‘tkazdi, yozgacha ular jismoniy holatini yanada yaxshilaydi.
Darvozabon Abduvohid Ne’matovning harakatlari? Uning asosiy tarkibda tushishi avvaldan rejalashtirilgandi, bu penaltilar seriyasi uchun emas. Ikki o‘yinda ikki xil darvozabonni o‘ynatib, bugun 20 daqiqacha uchinchi darvozabonga ham imkon bermoqchi edik.
Yoshlarni kuzatib borish masalasi? Albatta, bunga imkoniyat bor. Butun respublikani qamrab olish oson emas, lekin O‘FA bilan birga skauting ishlarini amalga oshiryapmiz, yoshlarni kuzatyapmiz.
Jahon chempionati? U yerda boshqacha bo‘ladi, o‘rtoqlik o‘yinlaridan farq qiladi. Mundialda tezlik yuqori. Ammo kelganimdan beri milliy jamoada faqat o‘sishni ko‘ryapman.
Superligadagi tig‘iz taqvim va jarohatlar? Mavsum boshida jarohatlar bo‘lishi — normal holat. Biz tibbiy shtabni ham kuchaytirdik, mutaxassislarni jalb qildik. Futbolchilarni uzoq muddat yaxshi darajada o‘ynay olishi uchun harakat qilyapmiz. Bizga ularning vaqtinchalik emas, uzoq vaqt yuqori darajada o‘ynashi muhim. Albatta, yigitlar ham uyqu va tartibga amal qilishi kerak», dedi italiyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda o‘tkazilgan FIFA Series 2026 turnirida ikkita o‘yinda maydonga tushib, Gabon (3:1) va Venesuelani (0:0, pen. 5:4) mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.