Jamiyat

Katta Og‘a kuzatib turadigan, fikrlash jinoyat sanalgan davlat haqida eshitganmisiz? / 5 daqiqa

Published

on


O‘sha binoning peshtoqiga uchta shior bitib qo‘yilgandi: Urush – tinchlikdir. Erk – qullikdir. Bilimsizlik – kuchdir. Va bu shiorni hayotga tatbiq qilish uchun noyob vazirliklar o‘ylab topilgandi. Masalan, Haqiqat vazirligi axborotni, ta’limni, san’atni nazorat qilardi – tarixni boshqatdan yozardi. Yoki urush qilishni yaxshi ko‘radigan Tinchlik vazirligi, sevishga ruxsat bermaydigan Muhabbat vazirligi bor edi.

Yuqorida keltirilgan fikrlar Jorj Oruellning “1984” romanidan olindi. Bu noyob asar o‘zbek kitobxonlariga ilk bor jasoratli jurnalist, o‘z so‘ziga ega shoir va mohir tarjimon Karim Bahriyev tomonidan taqdim qilinganini e’tirof etmoq joiz, albatta.

Kecha sen ko‘rgan voqea bugun rasman rad etildi. Ekranlar boshqacha gapiryapti. Rasmiy bayonotlar butunlay teskarisini aytyapti. Atrofdagilar ham sekin-asta shu haqiqatga ko‘nika boshladi. Shunda senda ikki yo‘l qoladi: yo o‘z xotirangga ishonasan yoki ommaga qo‘shilib ketasan. “1984” sizni boshdan-oyoq ana shu tanlov o‘rtasida qoldiradi. Bu asar insonni o‘ldirmay turib ham uni butunlay yo‘q qilish mumkinligi haqida.

Okeaniya davlatida hamma narsa nazorat ostida edi. Sizni hamisha Katta Og‘a kuzatib turadi. Katta Og‘a – bu odam emas, bu nazar. Muttasil insonni bezovta qiluvchi nazar. Sen uxlayapsanmi – u bor. Sen sukutdamisan – u baribir senga qarayapti. Bu yerda nazorat kamera bilan emas, his bilan ishlaydi: sen kuzatilayotganingga ishonasan.

Uinston Smit shu tizimning ichida, Haqiqat vazirligida ishlaydi. Bu vazirlik aslida eng katta yolg‘onlarni ichida yashiradi. Bu yerda xabarlar o‘zgartiriladi, arxivlar qayta yoziladi, hamma narsa tahrir qilinadi. Bu vazirlik jismonan yo‘q qilingan insonlarni hujjatlardan ham o‘chirib yuboradi. Ular hech qachon bo‘lmaganday.

Uinston do‘stimiz buni tushunadi. Natijada isyon sifatida kundalik yoza boshlaydi. Bu jinoyat edi. Fikr jinoyati degan atama ham tez-tez qo‘llanardi. Sen aytmagan, hatto aytolmagan fikring uchun ham jazolanasan.

Juliya ismli bir qiz Uinstonning hayotiga kirib keladi. U ham tashqi tomondan itoatkor, lekin ichida isyonchi. Uning noroziligi ko‘proq ideologiyaga emas, tuyg‘ularning bo‘g‘ilishiga qaratilgandi. Bu jamiyatda sevish mumkin emasdi, his qilyapsanmi, jinoyatchisan!

Juliya xonim Uinston do‘stimizga juda qadim zamonlarda sevgi bo‘lganini, hatto hozir ham mavjudligini anglatadi. Demak, hali insoniyat butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan, u tuyg‘ulari sabab mavjud, demoqchi bo‘ladi.

Ular bir-biriga qo‘l tekkizish orqali tizimni rad etadi. Chunki Okeaniyada hissiyot ham davlatning mulkiga aylangandi. Insonlar hissiyot bilan turmush qurishi jinoyat edi. Hatto turmush o‘rtog‘ingizni ham sevolmasdingiz.

Yigit va qizning ozodligi uzoqqa bormaydi. Uinston do‘sti Brayyenga tuyg‘ularini bildirib qo‘yadi. Biroq do‘stingning ham do‘sti bor. Jorj Oruell totalitar tizimda sen ishongan odam – sening eng xavfli dushmaning bo‘lishi mumkin, deydi.

Asarning shu nuqtasidan boshlab syujyet yo‘q. Faqat eksperiment va qiynoqlar, odamni qanday qilib yo‘q qilish usuliga guvoh bo‘lasiz. Insonni qanday qilib parchalab tashlash mumkin? Qanday qilib uni o‘z haqiqatidan voz kechtirish mumkin, degan savollarga javob izlaysiz.

Agar 2*2=4 desang, demak sen erkinsan. 2*2=5 ekaniga ishonmaguningcha bu muolajalar davom etaveradi. Shundagina sen ulardan biriga aylanasan.

Asarda bir dahshatli xona bor, u haqida gapirmoqchi emasmiz. Shunisi aniqki, o‘sha xona jismoniy qiynoqlardan ham qo‘rqinchli maskan.

Siz nima deb o‘ylaysiz, yigit qizni sotadimi? O‘zini yo‘q qilishlariga yo‘l qo‘yib beradimi? “Meni emas, uni qiynoqqa sol, u aybdor”, deydimi? Masalan, Uinstonday qat’iyatli inson bunday qilmasligi kerak harqalay.

Bir so‘z bilan aytganda, “1984” albatta, o‘qilishi shart bo‘lgan romanlardan biri hisoblanadi. Bu noyob asar sizning olamga qarashlaringiz, tafakkur va tasavvur dunyoingizni sezilarli darajada o‘zgartirishi aniq.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version