Jamiyat
Katta miqdorda soliq qarzi bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari ma’lum qilindi
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari soni 996 tani tashkil etdi. Ularning umumiy qarzi 1 trln 583,3 mlrd so‘mga yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qarzning katta qismi ayrim yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, jami qarzning 569,8 mlrd so‘mi, ya’ni 36 foizi eng katta qarzdor hisoblangan 10 ta korxonaga to‘g‘ri kelgan.
Eng yirik qarzdorlar ro‘yxatida «Shaffof Metan Sanoat» MChJ 191,1 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinda qayd etilgan. Undan keyin «Silikon Color» MChJ — 74,4 mlrd so‘m va «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati — 68,4 mlrd so‘m qarz bilan joy olgan.
Shuningdek, yirik qarzdorlar orasida yana «Granula Plast Sifat» MChJ — 68,2 mlrd so‘m va «Fargona neftni qayta ishlash zavodi» — 45,6 mlrd so‘m qarz bilan yuqori o‘rinlarda turibdi.
Hududlar kesimida soliq qarzdorligi eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida kuzatildi. Bu yerda korxonalar qarzi 349,5 mlrd so‘mga yetgan.
Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati — 299,5 mlrd so‘m, uchinchi o‘rinda esa Andijon viloyati — 182 mlrd so‘m bilan qayd etildi.