Sport
Katta bo‘lgan «Arsenal». Jamoani chempion qilgan 4 omil
Bu ro‘y berishi kerak edi.
Yigirma ikki yillik kutish, olti yillik tayyorgarlik: nihoyat Premiyer-liga g‘olibligi yana «Arsenal»ga qaytdi. «Sport-Ekspress» jurnalisti Ruslan Nepushkin «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta nihoyat chempionlikka erishish uchun nimalarga e’tibor qaratgani haqida yozdi.
Zerikarli, quruq, avtobus, haramfutbol – «Arsenal» o‘yinlari haqida boshqa klub muxlislari shunday so‘zlar aytib kelishdi. Ha, Mikel Arteta oltin medallar uchun chiroyli o‘yindan voz kechdi. U romantik futbolni bir chetga surib, surbetlik, hisob-kitob va shafqatsizlikni targ‘ib qildi. Chunki Mikel shuni tushunib yetgandi: luzer qolipini buzish va doimo kulgi bo‘ladigan jamoa bilan muvaffaqiyatga erishish uchun hammaga yoqishni bas qilish va mayda detallarga e’tibor qaratish kerak.
Temir intizom
Hissiy beqarorlik ancha vaqt davomida «Arsenal»ning tashrif qog‘ozi bo‘lib kelgandi. Ahmoqona chetlatilishlar, hakamlar bilan bahslashuvlar, tajovuzkor harakatlar – bularning barchasi o‘tgan yillarda jamoani muhim ochkolardan quruq qoldirgan. Bu mavsumda esa muxlislar o‘ta tartibli jamoaga guvoh bo‘lishdi: hech kim jahl qilib to‘pni tepib yubormadi, futbolchilar maydonda raqiblarning provokatsiyalariga uchmadi va qo‘pol podkatlardan o‘zini tiydi. Buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin – futbolchilarga 37 tur davomida birorta qizil kartochka ko‘rsatilmadi, jamoa sariq kartochkalar soni kamligi bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan. O‘ta shafqatsiz bosim ostida futbolchilar o‘zini o‘zi nazorat qilish bo‘yicha namuna ko‘rsatdi. Atrofdagi hamma o‘yin uslubini qattiq tanqid ostiga olib, nafratini sochayotganida ular his-tuyg‘ularini jilovlay olish orqali yetuklikka erishganini namoyish etishdi.
Standartlar inqilobi
Arteta Angliya futbolida standart vaziyatlar inqilobi boshlanayotganini o‘z vaqtida his qildi va shu bo‘yicha ixtisoslashgan murabbiyni klubiga taklif etdi – Nikolya Jover Mikelning g‘oyalariga ishondi va «Manchester Siti»dan ashaddiy raqib safiga ko‘chib o‘tdi. Jover standart vaziyatlar bo‘yicha ishlashda to‘liq erkinlikka ega bo‘ldi va bu mavsumda jamoa bu borada ideal holatga keldi. «Arsenal» Yevropada burchak zarbalaridan eng ko‘p gol urgan jamoaga aylandi, raqiblar bu uslubga moslashganida esa standart vaziyatlarni yangicha ijro etishga o‘tdi. Va bu ham natija keltirdi. Artetaning murabbiylar shtabi ishni shunday bajardiki, raqiblar burchak zarbalaridan xuddi penaltidan qo‘rqqandek qo‘rqib qolishdi. Ko‘pchilik futbol muxlislariga bunday o‘yin yoqmasligi mumkin, ammo yodda tutish kerakki, «Arsenal» APLda o‘ynaydi, bu yerda esa klassik inglizcha uslubda kerakli natijaga ega bo‘lish hech qanday ayb emas.
Intrigani o‘ldirish
«Arsenal» bu mavsumda 19 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. O‘tgan mavsumlarda jamoa ko‘p o‘yinlarda hisobda ortda bora turib, natijani qo‘ldan boy bergandi. Bu mavsumda esa londonliklar aksar o‘yinlarda hisobni ochib olganidan keyin amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. «Arsenal» APLning bu mavsumida sakkiz marta 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Fanatlar minimal farq tufayli xavotirda o‘tirgan bo‘lishsa-da, maydonda barchasi nazorat ostida edi. Jamoa maksimal xavfsiz rejimni yoqdi: tempni bir maromda ushlash uchun to‘pga egalik qilish, raqib qarshi hujum boshlayotganida kichik taktik follar ishlatish, autlar ijro etish vaqtida tanaffuslar bilan nafas rostlash. «Arsenal» o‘yinni qismlarga ajratib, so‘nggi daqiqalarni zerikarli, ammo maksimal darajada foydali tomoshaga aylantirdi. Shu bilan birga, jamoa avtobus qo‘yib o‘ynamadi: ha, jamoa o‘yinni «o‘ldirish» bilan shug‘ullandi, lekin o‘z jarima maydoniga qamalib olgani yo‘q.
Tarkib kengligi
Arteta bir necha yildan buyon APLda birinchi o‘rin uchun kurashib kelayotgandi. Jamoaning oldingi mavsumlardagi muvaffaqiyatsizliklari ko‘p jihatdan zaxira o‘rindig‘i qisqaligi bilan bog‘lanardi – bir-ikki asosiy ijrochi safdan chiqsa, o‘yin sifati tushib ketardi. Ketma-ket muvaffaqiyatsizliklardan keyin Mikel bunday tig‘iz taqvimda ikkita teng kuchli tarkibsiz titul uchun kurashib bo‘lmasligini tushunib yetdi. Mavsumlar oralig‘ida jamoada yangi sport direktori paydo bo‘ldi – Andrea Berta Londonda chempionlik jamoasini qurishni yakunlash uchun «Atletiko»ni tashlab keldi. «Arsenal» katta pul sarfladi, ammo kerakli bo‘shliqlarni yopa oldi. Natijada mavsum davomidagi muntazam jarohatlar jamoa o‘yiniga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi, Artetaning ixtiyorida amalda ham ikkita teng kuchli tarkib hosil bo‘lgandi.
Chempion «Arsenal» safida yagona asosiy qahramonni ajratib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Subimendi mavsumning birinchi yarmida yuqori saviyadagi o‘yin ko‘rsatdi, ammo mavsum oxiriga kelib toliqib qoldi va uning o‘rnini Lyuis-Skelli yopa oldi. Saka vaqti-vaqti bilan yorqin o‘yin ko‘rsatdi, u formada emasligida Madueke uning o‘rnini bilintirmadi. Inkapiye Kalafiori jarohat olib safdan chiqqanida xuddi uning darajasida o‘ynab berdi. Yokeresh alohida o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatdi va kerakli ochkolar to‘planishini ta’minladi, Havers esa deyarli butun mavsumni jarohat tufayli o‘tkazib yuborganiga qaramay, mavsum oxirida hal qiluvchi gollarni urdi. Butun mavsum davomida barqaror o‘ynaganlar ham bor: Rays, Rayya, Saliba va Gabriel bog‘lami. Bu futbolchilar jiddiy jarohatlardan qutulib qolishdi va butun chempionatni yuqori darajada o‘tkazishdi. «Arsenal» chempionlik poygasida individual shaxsiyatlar hisobiga emas, balki jamoaviy ish orqali g‘olib chiqdi.
Artetaga endi «Emireyts» atrofida haykal qo‘ysa ham bo‘ladi. U «cho‘kayotgan» klubga kelgandi. Ilk mavsumlarini jamoa kiyim almashtirish xonasini toksik va «quloqsiz» futbolchilardan tozalashga sarfladi, keyin esa o‘z orzusidagi jamoani qurishga kirishdi. So‘nggi yillarda «Arsenal» kuchli oltilik jamoalariga qarshi mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi, jami to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha birinchi edi, ammo buyuklikni isbotlash uchun oxirgi qadam qolayotgandi. Endi bu qadam tashlandi va boshqa jamoalar muxlislari uni e’tirof etishi qiyin bo‘lsa-da, Shimoliy Londondagi muxlislar undan norozi emasligi aniq. Ko‘pchilikda shunday hissiyot borki, uzoq kutilgan tituldan keyin «Arsenal» yelkasidan tog‘ ag‘darildi va endi keyingi mavsumda biz butunlay boshqa jamoani ko‘ramiz.