Mahalliy
Karmana tumani hokimi maktab o‘qituvchilarini tik turg‘izib qo‘ydi, vazirlik holatni qoraladi
Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayevning «ta’lim sifatini ko‘tarish» bahonasida o‘qituvchilarni hokimlikda bir soat tik turg‘izib qo‘ygani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holatni o‘rganib, hokimning harakatlarini qonunga zid deb topdi.
Kun.uz nashri yozishicha, hokim 12-mart kuni Hazora qishlog‘idagi 9-umumta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv vaqtida Shohrux Boltayev o‘quvchi va o‘qituvchilarga turli savollar bergan, she’r aytib berishni so‘ragan. Biroq o‘quvchilar hokimning ketma-ket savollaridan hayajonlanib, she’r aytib berolmagan.
Uchrashuvdan so‘ng hokim maktabning barcha o‘qituvchilarini soat 17:00 da hokimlik binosiga olib borishni buyurgan. Aksariyati xotin-qizlardan iborat bo‘lgan 46 nafar o‘qituvchi avtobusda 30 km yo‘l bosib, aytilgan vaqtda hokimlik binosiga borgan.
«Soat 17:00 da yetib bordik. Kutib o‘tirdik. Yarim soatlardan so‘ng hokim keldi. Barcha o‘qituvchini tik oyoqda turg‘izib qo‘yib, majlis o‘tkazdi. Qattiq gapirdi, “RayONO” vakillariga maktabimizda tekshirish o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi, direktor o‘rinbosarlarining arizasini olasan, dedi. Ko‘pimiz ro‘zador edik», — degan Kun.uz bilan gaplashgan o‘qituvchilardan biri.
Vazirlik ma’lum qilishicha, tuman hokimi ta’lim sifati pastligini vaj qilib, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga (OTM) kirish ko‘rsatkichi pastligini tanqid qilgan. Biroq raqamlar boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda:
2025-yilda mazkur maktab bitiruvchilarining 61 foizi OTMlarga o‘qishga qabul qilingan (tuman miqyosida 6-o‘rin).
o‘rtacha ball ko‘rsatkichi 98,7 ballni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8 ballga oshgan.
39 nafar bitiruvchining 38 nafari turli fanlar bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.
Vazirlik «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunga asosan, pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish hamda ularni xizmat vazifasiga bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanishini eslatib o‘tdi.
Muassasa pedagoglarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilishda davom etishini hamda mansabdor shaxslarning ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvini qattiq qoralashini bildirgan.
Shohrux Boltayev 2025-yil 1-noyabrda Karmana tumaniga hokim etib tayinlangan.