Iqtisodiyot

Karachi porti orqali O‘zbekiston mahsulotlari tranziti oshiriladi

Published

on


Pokistonning The World News elektron nashri O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sanoat, investitsiya va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida maqola e’lon qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Nashrda ta’kidlanishicha, tomonlar Xunjyerab dovoni orqali Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagi doirasida transport aloqalarini rivojlantirish hamda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilgan.

Muzokaralar O‘zbekiston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov hamda Pokiston Milliy logistika korporatsiyasi (NLC) bosh ijroiya direktori Shoaib Ahmad Xon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘tkazilgan.

Tashrifning asosiy maqsadi sanoat, investitsiya va logistika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tranzit bog‘liqlikni mustahkamlashdan iborat bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Karachi porti imkoniyatlari bilan tanishgan. Port infratuzilmasidan foydalangan holda tranzit yo‘nalishlarini kengaytirish va O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozorlarga chiqishini osonlashtirish masalalari ham muhokama qilingan. Tashrif yakunlariga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy transport bog‘liqligini yaxshilashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan.

Maqolada keltirilishicha, 2025 yil yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 434,4 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan (371,5 mln dollar) 16,9 foizga oshgan. Shuningdek, 2023 yilning mos davrida qayd etilgan 356,0 mln dollar bilan solishtirganda, o‘sish 22 foizni tashkil etgani ta’kidlangan.

Nashr xulosasida ushbu raqamlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar barqaror ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatishi qayd etilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version