Sport
Kapadze Indoneziya milliy jamoasida ish boshlashi mumkin
Uning o‘zi Qozog‘iston bilan bog‘liq xabarlarni rad etgan, Indoneziya variantini tasdiqlagan, shuningdek, Turkiya klublari va Xitoydan takliflar bor.
O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze Indoneziya milliy jamoasining yangi bosh murabbiyiga aylanishi mumkin. U indoneziyalik sport tahlilchisi Effendi Gazali bilan suhbatda Indoneziya milliy jamoasini boshqarishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Kapadze Indoneziya futbol federatsiyasidan rasmiy taklif kelsa, uni qabul qilishga tayyorligini aytgan.
«Indoneziya milliy jamoasiga murabbiylik qilishga tayyorman, inshaalloh. Hozirda bo‘shman, shuning uchun taklif kutyapman. Indoneziyani yaxshi ko‘raman, muxlislarni ham. Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur», – degan u.
U O‘zA agentligi uchun bergan intervyusida ham xorijdan takliflar haqidagi savolga javob qaytargan. U Qozog‘iston bilan aloqalar haqida tarqalgan mish-mishlarni rad etgan, shu bilan birga, uning nomzodiga boshqa mamlakatlardan qiziqish bo‘layotganini tasdiqlagan:
«Albatta, yangi chaqiruvlar kutyapman. Albatta, ko‘proq chetdan. Hozir ish olib borilyapti. Variantlar yetarlicha. To‘g‘ri qaror qabul qilish oson emas.
Hozirda Qozog‘istondan hech qanday taklif yo‘q. Bu ma’lumot qayerdan paydo bo‘lganini bilmayman. Balki qandaydir muhokamalar bo‘lgandir. Indoneziyaga kelsak – bu jarayon ko‘rib chiqilmoqda. Turkiya va Xitoy variantlari ham bor… ish olib borilmoqda. Bularning barchasi qanchalik amalga oshadi yoki yo‘q – buni vaqt ko‘rsatadi. Hozir aniq bir narsa deyish qiyin. Qaraymiz, nasiba qayerda bo‘lsa, borib ishlaymiz. Buni vaqt ko‘rsatadi. Yoki o‘zimizda qolib, ishlashim ham mumkin. Shuning uchun hozircha biror narsani oldindan aytish qiyin, chunki jarayon davom etmoqda».
2025 yil yanvarida O‘zbekiston milliy jamoasida Srechko Katanets o‘rniga vaqtincha bosh murabbiy sifatida ish boshlagan Temur Kapadze jamoani ilk mundialga olib chiqqandi.
Ammo 2025 oktyabrida O‘FA italiyalik Fabio Kannavaroni milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi sifatida e’lon qildi. Bu qaror «turnirda munosib ishtirok etish va mundial havosini olib kirish uchun aynan futbolchi sifatida ishtirok etgan mutaxassisni jalb qilish ko‘zda tutilgani» bilan izohlandi. O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov yangi bosh murabbiy taqdimot marosimida Kapadze Kannavaroning murabbiylar shtabida ishlashda davom etishini ma’lum qilgandi, ammo o‘sha tadbirning o‘zida ushbu mutaxassis shtabda uzoq qolmoqchi emasligini bildirgandi. 9 noyabr kuni esa u murabbiylar shtabini tark etgani e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Patrik Klyuyvert iste’foga chiqarilganidan keyin Kapadze Indoneziya milliy jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodlardan biri ekani xabar qilingandi.