Dunyodan

Kamida 31 kishi halok bo’ldi

Published

on


Pokiston poytaxti Islomoboddagi Xadijat-ul-Kubra masjidi yaqinida sodir bo‘lgan portlashda kamida 31 kishi halok bo‘ldi, 169 kishi yaralandi. Bu haqda Dawn gazetasi mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berdi.

6-fevral, Toshkent vaqti bilan 16:12 holatiga ko‘ra ma’lumot berildi.

Fojia Islomobodning Tallay Kalan hududida juma namozi vaqtida sodir bo‘lgan. Islomobod gazetalarining yozishicha, xudkush-terrorchi portlovchi moddani masjidning asosiy darvozasi oldida ishga tushirgan. Portlash natijasida masjid darvozalari va uning atrofidagi binolar katta zarar ko’rgan.

Qutqaruv guruhlari qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda. Yaralanganlar Pokiston Tibbiyot fanlari instituti va yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Politsiya hududni o‘rab oldi, tergov va sud-tibbiy dalillar yig‘ish boshlandi. Islomobodda favqulodda holat e’lon qilindi.

Avvalroq Xitoyning Sinxua axborot agentligi politsiya ma’lumotlariga tayanib, qurbonlar soni 10 kishiga yetganini xabar qilgan edi. Shundan so‘ng qurbonlar va jarohatlanganlar soni keskin oshgani ma’lum bo‘ldi.

Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriy ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida portlash haqida bayonot berdi.

Prezident Zardoriy qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va tinch aholiga qilingan hujumlarni “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atadi.

Bundan tashqari, Prezident jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini ta’minlash uchun barcha tibbiy resurslarni safarbar etishni buyurdi.

Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Pokiston hukumati voqea yuzasidan keng qamrovli tergov olib bormoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version