Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi
O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi qadam tashlandi. Bu bo‘yicha O‘RQ–1135-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi hujjatga muhim norma qo‘shildi. Unga muvofiq, kam ta’minlangan shaxslar muayyan ish doirasida sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu jumladan, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. «Yuridik yordam» axborot tizimi orqali Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga asosan tegishli so‘rov yuboriladi.
Mazkur jarayon bevosita Konstitutsiyaviy sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.