Mahalliy
Jurnalistlar o‘rnini robotlar egallaydimi? Samarqanddagi “Media haftalik“da bilib olasiz!
Samarqand azal-azaldan ilm-fan va madaniyat chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugun esa bu ko‘hna shahar zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli media markaziga aylanmoqda.
27-apreldan 1-mayga qadar Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti (SamDAQU) mezbonlik qilayotgan navbatdagi «Media haftalik» shunchaki tadbir emas, balki soha mutaxassislari uchun haqiqiy mahorat maktabidir.
Ushbu haftalik doirasida jurnalistlar media olamidagi eng so‘nggi tendensiyalar va global chaqiriqlardan boxabar bo‘lishmoqda.
Bugungi kunda neyrotarmoqlar matn yozishdan tortib, videolarni tahrirlashgacha bo‘lgan jarayonlarda inson mehnatini yengillashtirayotgani hech birimizga sir emas. Aynan shunday davrda sun’iy intellekt tufayli ishidan ayrilib qolishni istamagan soha vakillari zamonaviy texnologiyalarni ish jarayonida qo‘llashni o‘rgansa, SI jurnalistga raqib emas, chinakam hamroh bo‘la olishi alohida ta’kidlandi.
Qolaversa, media haftalik ishtirokchilari o‘z ishining professionallaridan — bir necha soniya ichida vizual kontent yaratish imkoniyati, ma’lumotlar tahlili, jumladan, katta hajmdagi axborotlarni soniyalar ichida saralash mahorati, mediaxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Qolaversa, haftalik dasturidan sun’iy ravishda yaratilgan soxta video va audio materiallarni haqiqiysidan ajratish usullari, har bir xabarni rasmiy manbalar orqali qayta tekshirish, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va kiberhujumlardan saqlanish ko‘nikmalari o‘rin olgan.
Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, u quruq ma’ruzalardan iborat emas. Samarqanddagi ushbu haftalik davomida malakali ekspertlar real keyslar yordamida yosh media vakillari va talabalarning sohadagi ayrim to‘siqlarni qanday yengib o‘tish va zamonaviy trendlarni auditoriya talabiga moslashtirish bo‘yicha masterklaslar o‘tishmoqda.
Umuman olganda, respublikamiz bo‘ylab tashkil etilayotgan bunday media haftaliklar O‘zbekiston media makonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Media olamidagi o‘zgarishlardan ortda qolmay desangiz, Samarqanddagi media haftalikda ishtirok etish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!