Jamiyat
Jizzaxda «Yangi Jizzax» shaharchasi barpo etiladi
Prezidentning «2026–2027 yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani tutash hududida 40 gektar maydonda «Yangi Jizzax» shaharchasi barpo etiladi.
Foto : Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
Loyiha doirasida 50 ta ko‘p qavatli uy qurilib, jami 1200 xonadon foydalanishga topshirilishi belgilangan. Shuningdek, yangi shaharchada 1680 o‘rinli umumta’lim maktabi, bir smenada 200 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika hamda 280 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etiladi.
Shaharchada 21 ta davlat idorasi joylashadigan yagona ma’muriy bino qurilishi ham rejalashtirilgan. Transport qulayligini ta’minlash maqsadida 10 km aylanma yo‘l va yagona jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus nafaqat uy-joy qurilishini, balki yashash, ishlash va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi bir hududda mujassam bo‘ladigan zamonaviy urbanistik modelni shakllantirishni nazarda tutadi.