Jamiyat
Jizzaxda tenderda g‘olib chiqishga yordam berish evaziga pul talab qilganlar ushlandi
Ular maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan xarid qilinayotgan elektron doskalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderda MChJlardan birining g‘olib bo‘lishi uchun sharoit yaratib berish evaziga 85 mln so‘m pul talab qilishgan.
14 mart kuni MChJlardan birining ish yurituvchisi D.Z. ariza bilan murojaat qilib, tanishi O.X. tomonidan Jizzax shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan xarid qilinayotgan elektron doskalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan tenderda mazkur jamiyatning g‘olib bo‘lishi uchun sharoit yaratib berish evaziga 85 mln so‘m pul talab qilinayotganini ma’lum qilgan.
15 mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O.X. arizachidan 85 mln so‘m pulni olgan vaqtida ushlangan.
Ushbu mablag‘ning 30 mln so‘mi Departamentning Paxtakor tumani bo‘limi xodimi B.P.ga berilishi belgilangani aniqlangan va B.P. O.X.dan 30 mln so‘m pulni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.