Jamiyat
Jizzaxda poyezd ustida selfi tushmoqchi bo‘lgan bolani tok urdi
Hodisa Marjonbuloq temir yo‘l bekatida sodir bo‘lgan. Vagon ustiga chiqqan 7-sinf o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.
Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanida 24 aprel kuni vagon ustiga chiqib, suratga tushmoqchi bo‘lgan maktab o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urdi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Marjonbuloq temir yo‘l bekatida sodir bo‘lgan. Bekatda turgan vagon ustiga chiqqan 7-sinf o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.
Jabrlanuvchi 2012 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan bola, hodisadan so‘ng tez tibbiy yordam orqali G‘allaorol tumani tibbiyot muassasasiga olib borilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Tibbiy xulosaga ko‘ra, bolaga tana yuzasining 35–40 foizini qamrab olgan ikkinchi va uchinchi darajali kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.