Jamiyat
Jizzaxda hokimlik xodimi yer maydonini sotish va’dasi bilan pul olgan vaqtida ushlandi
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi fermer xo‘jalikka tegishli yer maydonini sotish bo‘yicha kelishuv qilib, hujjatlarni “tanishlari orqali rasmiylashtirib berish” evaziga pul olgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangani xabar qilindi.
Ma’lum qilinishicha, bosh mutaxassis o‘zining o‘g‘liga tegishli fermer xo‘jalikning 11 gektar yer maydonini xaridorga 11 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, avvalroq 5 ming AQSh dollarini olgan.
Qayd etilishicha, u qolgan 6 ming AQSh dollari hamda tegishli hujjatlarni hokimlik va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga qo‘shimcha 700 AQSh dollari talab qilgan. U jami 6 700 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlari olib borilayotgani bildirildi.
https://t.me/xavfsizlik_uz/1905