Jamiyat
Jizzax va Samarqandda advokatlar ushlandi
O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda aniqlanishicha fuqarolardan mansabdor tanishlari orqali masalalarni hal qilib berishni va’da qilib, pul talab qilgan ikki advokat ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Samarqand viloyati Urgut tumanida faoliyat yurituvchi advokat mansabdor tanishlari orqali Jizzax viloyatidagi manzil koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumning ozodlikdan mahrum qilish muddatini qisqartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga mahkumning tanishidan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yurituvchi yana bir advokat jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rilayotgan ishda himoyachi sifatida ishtirok etib, mansabdor tanishlari orqali sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytgan. U bu xizmat evaziga sudlanuvchining o‘g‘lidan 2 ming AQSh dollari so‘ragan.
Tezkor tadbirda mazkur advokat ham so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.