Sport
JChda sensatsiyalar kuni. Qatar so‘nggi daqiqalarda gol urdi, Braziliya ochko yo‘qotdi
Butun o‘yin davomida nursiz o‘yin ko‘rsatgan qatarliklar so‘nggi daqiqalarda ochko qo‘lga kiritdi; Marokash bu safar ham hayron qoldirmoqda: Braziliya qiyinchilik bilan durangga erishdi.
B guruhi
Qatar – Shveytsariya 1:1
Gollar: Embolo, 17 – penalti (0:1). Huhi, 90+4 (1:1)
Qatar: Abunada, Pedru Migel, Huhi, Ahmad, Al-Oui (Budiaf, 60), Madibo (Al-Mannai, 78), Layye, Abdulsallom (Fati, 60), Afif, Edmilson Junior (Al-Haydos, 88), Abdurisak (Al-Ayeldin, 60)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muhaym, 89), Zakariyo, Jaka, Froyler (Yashari, 89), Ebisher (Manzambi, 65), Vargas (Amduni, 79), Ndoy (Rider, 65), Embolo
Ogohlantirishlar: Abunada, 16. Abdulsallom, 23 – Zakariyo, 42
2026 yilgi jahon chempionatida birinchi sensatsiya. Qatar milliy jamoasi guruh favoriti sifatida ko‘rilgan Shveytsariya bilan o‘yinda so‘nggi daqiqalarda gol urib, ochko tortib oldi. Endi bu guruhda 1-turdan keyin barcha jamoalar bittadan ochkoga ega.
Ko‘pchilik Shveytsariya Qatar ustidan oson g‘alabaga erishishini kutgandi. Ammo o‘yindagi ilk xavfli vaziyat Osiyo vakillarida yuzaga keldi – ikkinchi daqiqadayoq qatarliklarning qarshi hujumga chiqib ketishdi va Akanjining xatosidan keyin Edmilson darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Kobel raqib hujumchisiga to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazishga yo‘l qo‘ymadi.
Shundan keyin o‘yin prognoz qilinganidek kecha boshladi. Shveytsariya to‘pni va hududlarni nazorat qildi, Xulen Lopetegi boshchiligidagi qatarliklar esa chuqur himoyaga yotishdi.
O‘yinning 16-daqiqasida Ebisher o‘ng qanotdan uzatma berdi, Embolo to‘pni bo‘sh turgan Froylerga yetkazdi, uni esa darvozabon yiqitdi. Hondurasdan kelgan bosh hakam Martines 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Bu epizodda qatarliklar darvozaboni Abunada raqib bilan to‘qnashib ketdi va boshidan kichik jarohat oldi, keyin esa Embolo 11 metrdan yo‘llagan zarbani qaytara olmadi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin qatarliklar katta kuch bilan oldinga o‘tishdi va pressing qilishga kirishishdi. Ammo bu uzoq davom etmadi. Shveytsariya ustunlik qilishda davom etdi (birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 75 foiz, 14 zarba va xG bo‘yicha 2,27). Shunga qaramay, qatarliklar ham vaqti-vaqti bilan o‘z imkoniyatlariga ega bo‘lishdi, tanaffus arafasida Edmilson yana bir vaziyatni ko‘kka sovurdi. Yakin shogirdlari yana himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi va Juniorda yetti-sakkiz metrdan zarba berish imkoniyati yuzaga keldi. Kobel bu safar ham jamoasini qutqarib qoldi.
Tanaffusdan keyin ham Shveytsariya tashabbusga egalik qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida Qatar o‘z jarima maydoni ichida qamal qilindi. Bu daqiqalarda shveysariyaliklar yuqori chiziqda juda yaxshi pressing qilishdi va to‘pni tezda qaytarib olib, ketma-ket hujumlar uyushtirishdi, ammo barcha hujumlar qaytarildi.
Ikkinchi gol qatarliklarni butkul taslim qilgan bo‘lardi, ammo goh darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi, goh shveysariyaliklarning o‘zi zarba yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ydi. Birgina Ndoyning o‘zida 65-daqiqada zaxiraga olinguniga qadar jami qatarliklardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat bo‘ldi.
Qatarliklar esa ikkinchi bo‘lim davomida nima qilishini bilmadi va ikkinchi bo‘limdagi ilk zarbasini faqat 90-daqiqaga kelib yo‘lladi. Va kutilmaganda o‘yin oxirida jamoa jonlandi. Yevropaliklar maydon markazida to‘pni yo‘qotishdi va qarshi hujum qanotdan to‘p raqib jarima maydoniga yetkazilishi va hujumga yetib kelgan himoyachi Huhi to‘p uchun kurashda ustunlikka erishib, darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. Qatarliklar barcha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha shveysarlardan ortda qolganiga qaramay, muhim ochkoni qo‘lga kiritdi: zarbalar soni – 7:26 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 4:7) va xG – 0,76 ga qarshi 3,25.
2-turda Shveytsariya Bosniya va Hersegovina bilan (18 iyun), Qatar – Kanadaga qarshi (19 iyunga o‘tar kechasi) o‘ynaydi.
C guruhi
Braziliya – Marokash 1:1
Gollar: Saybari, 21 (0:1). Vinisius Junior, 32 (1:1)
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinos, Duglas Santos, Rodjyer Ibanes (Danilu Luis, 46), Kazemiro (Fabinio, 46), Gimarayns (Danilu Santos, 80), Rafinya, Vinisius Junior, Lukas Paketa (Kunya, 61), Tiago (Luis Enrike, 61)
Marokash: Bunu, Diop, Riad, Mazraviy (Salohiddin, 80), Hakimi, Buaddi, Al-Aynaviy, Unai (Al Murabet, 64), Al-Hannus (Amaymuni-Eshguyab, 80), Dias (Talbi, 64), Saybari (Rahimi, 89)
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 37. Rodjyer Ibanes, 43
Braziliya ham shu kuni 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. O‘tgan mundialda yarimfinalga yetib borib, sensatsiya ko‘targan Marokashga qarshi bahs o‘sha natija tasodif bo‘lmaganini ko‘rsatdi. Jahonning besh karra chempionlari Afrika jamoasiga qarshi o‘yinda qiyinchilik bilan durang natijaga erishdi.
Karlo Anchelotti shu kuni hujum chizig‘iga Paketa – Rafinya – Vinisius Junior – Igor Tiyagodan iborat to‘rtlikni tushirdi.
O‘yindagi ilk vaziyat marokashliklarda yuzaga keldi, ammo Al-Aynaviyning zarbasini jarima maydoni chizig‘ida Bruno Gimaraes blokladi. Janubiy amerikaliklar esa 25-daqiqaga qadar raqib darvozasiga yaqinlasha olmadi. Vinisius Junior Hakimini ortda qoldirib, to‘pni jarima maydoni markaziga uzatdi, ammo Igor Tiago bosh bilan aniq zarba yo‘llay olmadi.
Keyin esa brazillar marokashliklarning kuchli pressingi natijasida maydon markazida to‘p yo‘qotishdi va hisob ochildi. Braim Dias ajoyib pas orqali Markinios va Gabriel orasidan to‘pni o‘tkazib, Saybarini darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, PSV hujumchisi esa to‘pni Alisson ustidan oshirib tashladi.
Brazillar tezda o‘ziga kelishdi va hisobni tenglashtirishdi. Vinisius Junior katta sahnaga chiqib, chap qanotda o‘z fintlari bilan marokashlik himoyachilarni dog‘da qoldirdi va qaytarib bo‘lmas zarba berdi – 1:1.
Ammo Karlo Anchelotti shogirdlarining bundan ortig‘iga kuchi yetmadi. O‘yinning qolgan qismida marokashliklar pragmatik o‘yin namoyish etib, darvozabon Buno vaqt cho‘zishdan tortinmadi. Sloveniyalik bosh hakam Vinchich o‘yinga 10 daqiqa qo‘shib berdi. Bu daqiqalarda har ikki jamoa darvozaboni bittadan xavfli zarbani qaytarishiga to‘g‘ri keldi. Yakunda hisob o‘zgarmay qoldi va brazillar turnirni ochko yo‘qotish bilan boshlaydigan bo‘ldi.
Haiti – Shotlandiya 0:1
Gol: Makginn, 28 (0:1)
Haiti: Plasid, Ade, Delkrua, Eksperens, Arkus, Bellegard, Denli, Providens (Fortyune, 85), Didson (Kazimir, 61), Izidor (Jozef, 76), Perro
Shotlandiya: Gann, Henli, Hendri, Roberson, Hiki (Patterson, 75), Maktominay, Fergyuson, Makginn (Maklin, 83), Douk (Kristi, 75), Adams (Dayks, 75), Shenklend (Kertis, 83)
Ogohlantirishlar: Bellegard, 39 – Hiki, 46. Kertis, 90. Maklin, 90
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda esa Shotlandiya kutilganidek g‘alaba qozondi. 1998 yildan buyon ilk bor mundialga kelgan shotlandlar 52 yildan buyon ilk bor jahon birinchiligiga kelgan Haitidan bir bosh ustunlik qildi.
«Aston Villa» yarimhimoyachisi Jon Makginning 28-daqiqada urgan goli o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. Qolgan vaqt mobaynida KONKAKAF vakillarida hisobni tenglashtirish uchun hech qanday imkoniyat bo‘lmadi. G‘alabali hisobni saqlab qolgan Yevropa vakillari 1-turdan keyin guruhda peshqadam bo‘lib oldi.