Sport

JChda 15-kun. Kyurasao ertagi tugadi, Germaniya o‘yinida sensatsiya, Turkiya eshikni qattiq yopib ketdi

Published

on


Ikki o‘yinda jamoalar durangga «kelishdi».

Jahon chempionatida uchinchi tur avjida – 25 va 26 iyun kunlari E, F va D guruhlarida so‘nggi uchrashuvlar o‘tkazildi. Kyurasao Kot-d’Ivuarga yutqazdi (0:2) va turnirni tark etdi, Germaniya sensatsion ravishda Ekvadorga yutqazib qo‘ydi (1:2), Niderlandiya Tunisni osonlik bilan mag‘lub etdi (3:1), Turkiya esa natijasi ahamiyatsiz o‘yinda mezbon AQShdan ustun keldi (3:2), Yaponiya esa Shvetsiya bilan (1:1), Paragvay Avstraliya bilan o‘yinda (0:0) o‘zlariga kerak bo‘lgan natijalarni qayd etishdi.

Dik Advokat JCh bilan xayrlashdi

Kyurasao – Kot-d`Ivuar 0:2

Gollar: Pepe, 7 (0:1). Pepe, 64 (0:2)

Kyurasao: Rom, Gari (Noslin, 77), Obispo, Fonvill (Kastaner, 77), Floranus, Brenet (Sambo, 90), Komenensiya (Antonisse, 61), L. Bakuna, J. Bakuna, Chong, Lokadia (Kuvas, 90)

Kot-d`Ivuar: Fofana, U. Diomande, Kossunu, Operi, Due, Kesse (Seri, 77), Sangare, Pepe (Vai, 67), Ya. Diomande (Diakite, 67), Diallo (Oulai, 46), Bonni (Ture, 67)

Ogohlantirishlar: J. Bakuna, 75. Kastaner, 83 – Pepe, 34

Oqshom yorqin syujyet bilan boshlandi – Kyurasao tarix yaratish uchun maydonga tushdi. Ikkinchi turdan keyin Dik Advokat jamoasi shunday holatda ediki, Kot-d’Ivuar bilan o‘yindagi g‘alaba orolliklar ikkinchi o‘rin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga chiqishini ta’minlardi. Ikki hafta oldin ko‘pchilik nomini ham eshitmagan debyutant va JCh tarixidagi eng kichik jamoa uchun bu aql bovar qilmas ssenariy bo‘lgan bo‘lardi.

78 yoshli niderlandiyalik mutaxassis o‘yindan oldin yaxshi natijadan umid qilayotganini yashirmadi.

«O‘yin qiyin bo‘ladi. Bizda uchinchi o‘yin ham o‘zimizdan kuchli jamoaga qarshi bo‘ladi, ammo Kyurasao uchun ham bunday raqiblarga qarshi o‘yinlar kerak. Ekvador bilan o‘yinda nimaga qodirligimizni ko‘rsatdik. Nafaqat himoyalanamiz, balki hujum uchun to‘g‘ri paytlarni ham topa olamiz», – dedi Advokat.

Lekin mo‘jiza ro‘y bermadi. Ivuarliklar 7-daqiqadayoq orolliklar jamoasi himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalanib, hisobni ochishdi, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa «Vilyarreal» hujumchisi Nikolya Pepe dublni rasmiylashtirdi.

KONKAKAF vakillari o‘yin oxirini to‘liq hujumda o‘tkazdi. Ammo bitta ham javob qaytara olishmadi va Ye guruhida so‘nggi o‘rinni egallagan holda turnirni tark etishdi.

Ekvadordan superkambek

Ekvador – Germaniya 2:1

Gollar: Sane, 2 (0:1). Angulo, 9 (1:1). Plata, 77 (2:1)

Ekvador: Galindes, Ordones, Pacho, Inkapiye (Estupinyan, 71), Franko (Presiado, 64), Vite, Moy. Kaysedo, Angulo (Torres, 85), Yyeboa (X. Kaysedo, 85), Valensiya (Rodriges, 64), Plata

Germaniya: Noyyer, Ryudiger, Ta, Raum, Kimmih (Tiau, 60), Pavlovich (Shtiller, 46), Nmecha (Bayyer, 64), Musiala, Virs (Gros, 73), Sane, Havers (Undav, 60)

Ogohlantirishlar: Inkapiye, 43. Franko, 50. Plata, 89 – Pavlovich, 44

Bir tomondan, bu o‘yinda sensatsiya ro‘y berishini taxmin qilish mumkin edi. O‘tgan turda Kyurasao bilan o‘yinda ochko yo‘qotgan (0:0) ekvadorliklardan so‘nggi turda raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar uch ochko uchun o‘ynash talab etilardi, raqib esa allaqachon guruh g‘olibligi masalasini hal qilib, pley-offga tayyorgarlik ko‘rayotgan jamoa edi. Boshqa tomondan, o‘yinning ikkinchi daqiqasidayoq Leroy Sane hisobni ochdi va Janubiy Amerika vakillariga qattiq zarba berdi.

Ammo ekvadorliklar taslim bo‘lishmadi va tezda hisobni tezlashtirishdi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yin bosh hakami Tori Penso videoassistentlar yordamida janubiy amerikaliklar darvozasiga qo‘yilgan penaltini bekor qildi.

O‘yin oxirlarida esa fantastika ro‘y berdi: Ekvador hujumchisi Gonsalo Plata burchak zarbasi ijro etilishi vaqtida nemislar jarima maydonida yuzaga kelgan talato‘pdan foydalanib, g‘alaba golini urdi (2:1). Bu epizodda o‘zining so‘nggi xalqaro turnirini o‘tkazayotgan Maneul Noyyer to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Sebastyan Bekkasese shogirdlari esa iroda ko‘rsatib, uchinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi.

Niderlandiyaning ishonchli g‘alabasi

Tunis – Niderlandiya 1:3

Gollar: Shiri, 3 – avtogol (0:1). Brobbi, 7 (0:2). Masturi, 54 (1:2). van Hekke, 62 (1:3)

Tunis: Damen, Talbi, Shiri, Ben Amida (Ashuri, 68), Abdi, Valeri, Garbi (Shauat, 75), Xedira (Mahmud, 67), Mejbri, Slimane (Ben Uanes, 68), Masturi (Tunekti, 90)

Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, van Hekke, Ake, Dyumfris, de Yong (Kopmeyners, 72), Reynders (Klyuyvert, 72), Gravenberh, Gakpo (Lang, 84), Malen (Sammervill, 72), Brobbi (Depay, 78)

Tunis birinchi turdan keyinoq bosh murabbiyi Sabri Lyamushini iste’foga chiqarib, jahon chempionati tarixiga kirgandi. Afrikaliklar jamoasi o‘tkazilgan gollar soni bo‘yicha yana bir antirekord o‘rnatishga qarab ketayotgandi, chunki jamoa yettinchi daqiqaga kelib ikki gol o‘tkazib yubordi.

Avvaliga Tunis yarimhimoyachisi Ele Shiri Denzel Dumfrisning qanotdan uzatmasidan keyin o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Keyin niderlandlar forvardi Brayan Brobbi jarima zarbasini ajoyib ijro etdi va turnirdagi uchinchi golini nishonladi.

Lekin o‘yin gollar shousiga aylanib ketmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida jamoalar bittadan gol almashishdi – Hazim Masturi va Yan Pol van Hekke o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishdi.

Ronald Kuman shogirdlari 3:1 hisobidagi g‘alabani saqlab qolishdi va guruhda birinchi o‘rinni egallashdi. Uchta o‘yinda ham yutqazgan Tunis esa uyga qaytadi.

«O‘zaro manfaatli hamkorlik»

Yaponiya – Shvetsiya 1:1

Gollar: Maeda, 56 (1:0). Elanga, 62 (1:1)

Yaponiya: Sudzuki, Itakura (Taniguti, 39), X. Ito, Seko (Nagatomo, 75), Tanaka, Kamada, Nakamura (Vatanabe, 75), Sugavara, Doan (D. Ito, 67), Maeda, Ueda (Ogava, 66)

Shvetsiya: Videll Setterstrem, Hin (Bergvall, 37), Gudmundsson (Nyugren, 88), Lagerbilke, Lindelyof (Starfelt, 87), Ayyari, Stroud (Svensson, 75), Bernhardsson (Sema, 75), Isak, Elanga, Yokeresh

Ogohlantirishlar: Taniguti, 77 – Hin, 32. Yokeresh, 85

Bu uchrashuvda ikki jamoani ham durang qoniqtirardi. Bunday holatda ikki jamoada ham ochkolar soni 4 tadan bo‘lar, yaponlar ikkinchi o‘rinni egallar, shvedlar esa to‘plar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rinda qolar, ammo uchinchi o‘rin vakillari orasida kuchli sakkizlikka kirardi.

Amalda ham jamoalar hisobga qarab o‘ynashdi va birinchi bo‘limda deyarli golli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Ikkinchi bo‘lim esa biroz qiziqarliroq kechdi: avvaliga Ritsu Doan jarima maydoniga yaqinlashib borgan Daydzen Maedani ajoyib pas bilan ta’minladi, u esa o‘z imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi. Lekin ko‘p o‘tmay shvetsiyaliklar Entoni Elanganing burchakka yo‘naltirilgan kuchli zarbasi bilan muvozanatni tiklashdi (1:1).

Guruhda yakuniy vaziyat kutilganidek ko‘rinish oldi. Yaponiya ikkinchi, Shvetsiya uchinchi o‘rin bilan pley-offga chiqdi. Buni «o‘zaro manfaatli hamkorlik» desa bo‘ladi.

Ikkinchi qulay durang

Paragvay – Avstraliya 0:0

Paragvay: Hil, Velaskes, Alderete (Kanale, 84), G. Gomes, Maydana (Maurisiu, 46), Kaseres, Kubas, Galarsa (Alonso, 90+2), D. Gomes (Bobadilya, 90+2), Ensiso, Avalos (Arse, 67)

Avstraliya: Bich, Suttar, Herrington, Chirkati, O`Nill, Irvayn (Okon-Engstler, 84), Behich, Bos, Metkalf, Volpato (Xrustich, 58), Irankunda (Yengi, 84)

Ogohlantirishlar: D. Gomes, 77 – Irvayn, 46

Bu ikki jamoani ham durang hisob qoniqtiradigan yana bir o‘yin edi. Bunday hisob nisbatan avstraliyaliklarga yaxshiroq edi, bu holda yashil qit’a vakillari ikkinchi o‘rindan tushib ketmasdi. Paragvayliklarda esa ikki o‘yindan keyin to‘plar nisbati yomonroq edi (-2), ammo to‘rt ochko bilan jamoa uchinchi o‘rin egalari orasida kuchli sakkizlikdan o‘rin olishi tayin edi.

Jamoalar o‘yin davomida uzoq masofalardan ko‘plab zarbalar berishdi (19 urinish), ammo deyarli yaqqol golli vaziyat kuzatilmadi. Yakunda golsiz durang saqlanib qoldi, lekin buning uchun hech kim bu jamoalarni ayblay olmaydi.

Turkiya kuchli o‘ynadi, ammo endi kech

Turkiya – AQSh 3:2

Gollar: Trasti, 3 (0:1). Arda Guler, 10 (1:1). Barish Yilmaz, 31 (2:1). Berhalter, 49 (2:2). Xon Oyxon, 90+8 (3:2)

Turkiya: Ugurjan Chaqir, O‘zan Qoboq, Abdulkarim Bardakchi, Zeki Chelik (Chag‘lar Suyunchi, 84), O‘zjan, O‘rxun Ko‘kchi (Xon Oyxon, 88), Eren Elmali, O‘g‘uz Oydin (Mert Muldur, 90+1), Arda Guler, Kenan Yildiz (Uzun, 84), Barish Yilmaz (Irfon Qahvachi, 90+1)

AQSh: Terner, Robinson, Makkenzi, Trasti, Skalli (Frimen, 77), Berhalter, Reyna (Dest, 76), Makkenni (Tillman, 86), Vea (Pulishich, 58), Aaronson (Zendehas, 77), Pepi

Ogohlantirishlar: Berhalter, 19

Turklar 2002 yildan buyon ilk bor jahon chempionatiga tashrif buyurgan va ulardan ko‘pchilik yaxshiroq natija kutayotgandi, ammo Vinchenso Montella shogirdlari ikkinchi turdan keyinoq guruhdan chiqa olmasligi ma’lum bo‘lib ulgurgandi: ushbu jamoa ikki o‘yinda 62 bor zarba yo‘lladi, ammo birorta gol urolmay, ikki o‘yinda ham yutqazdi. Natijada turklar so‘nggi o‘yinda faqat muxlislar uchun o‘ynashi kerak bo‘lib qoldi.

Mezbonlarga qarshi o‘yin ham Turkiya uchun juda yomon boshlandi: amerikaliklar jamoasi himoyachisi Oston Trasti uchinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Lekin ko‘p o‘tmay Arda Guler turklarning turnirdagi ilk golini urdi. Bo‘lim oxirida esa Burak Yilmaz jamoani oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Sebastian Berhalter hisobni tenglashtirdi. Shundan keyin o‘yin durangga qarab keta boshladi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda uyushtirilgan so‘nggi hujumni Xon Oyxon gol bilan yakunladi va turklarning turnirdagi ilk va oxirgi g‘alabasini ta’minladi – 3:2.

Mourinio o‘zinikilarga qarshi

«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinio jahon chempionatida o‘z futbolchilariga qarshi muxlislik qiladi. 63 yoshli mutaxassisda buning uchun tushunarli sabab bor.

«JChdan men nima kutyapmanmi? To‘g‘risini aytaman: Madrid futbolchilari yutqazsin va ta’tilga chiqishsin. Chunki men yigitlar mavsumoldi yig‘iniga ertaroq kelishini istayman», – dedi u Beast Mode On podkastida.

Joze iyun oyi boshida «Real» bosh murabbiyi etib tayinlandi va hozircha madridliklar klubining mundialga yo‘l olgan futbolchilari bilan hali ko‘rishmadi. Bunday futbolchilar jamoada kam emas: Kilian Mbappe va Orelen Tchuameni (Fransiya), Jud Bellinhem (Angliya), Vinisius Junior (Braziliya), Federiko Valverde (Urugvay), Antonio Ryudiger (Germaniya), Tibo Kurtua (Belgiya), Braim Dias (Marokash), shuningdek, yozgi transferlar doirasida safga qo‘shib olingan Mark Kukurelya (Ispaniya), Bernardu Silva (Portugaliya), Ibraima Konate (Fransiya) va Denzel Dyumfris (Niderlandiya).

Darvoqe, Mourinioning istagi asta-sekinlik bilan ro‘yobga chiqmoqda – Arda Guler Turkiya milliy jamoasi bilan allaqachon turnirni tark etdi.

Turning asosiy o‘yini xavf ostida

Nafaqat ushbu turdagi, balki guruh bosqichidagi eng yorqin afisha –  Norvegiya va Fransiya o‘rtasidagi bahsdir. Erling Holand va Kilian Mbappe boshchiligidagi ushbu jamoalar allaqachon pley-off masalasini hal qilishdi va endi I kvartetida birinchi o‘rin uchun bahslashadi. Ammo bu bellashuv o‘z vaqtida o‘tkazilmasligi mumkin – meteorologlar 26 iyun kuni Foksboroda o‘ta noqulay ob-havo kuzatilishini prognoz qilmoqda. Bunday holatda qat’iy protokol amal qiladi, unga ko‘ra, o‘yin noma’lum vaqtga ko‘chiriladi.

Fransuzlar uchun bu turnirdagi ikkinchi shunday hodisaga aylanishi mumkin – o‘tgan turda Dide Desham shogirdlarining Iroq bilan o‘yinida ikki soatdan ortiq vaqt davomida tanaffus yuzaga kelgandi. Lekin bu «Uchranglilar»ga 3:0 hisobida g‘alaba qozonishga to‘sqinlik qilmagandi.

2026 yilgi jahon chempionatida bir necha bor bu kabi holatlar kuzatildi: turnirning ilk kunlarida Angliya milliy jamoasi bazasi joylashgan hududda kuchli tornado ro‘y bergan, kuchli chaqmoq chaqishi portugallar va ispanlar ochiq havodagi mashg‘ulotlarni bekor qilishiga olib kelgandi. Ammo faqat fransuzlar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘yin vaqtida jabrlanuvchiga aylangan va bu ular bilan ikkinchi bor ro‘y berishi kutilmoqda.

Navbatdagi o‘yinlar

Uchinchi tur davom etmoqda. 26 iyun kuni kechqurun va 27 iyunga o‘tar kechasi quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi:

00.00. I guruhi. Norvegiya — Fransiya

00.00. I guruhi. Senegal — Iroq

05.00. H guruhi. Urugvay — Ispaniya

05.00. H guruhi. Kabo-Verde — Saudiya Arabistoni

08.00. G guruhi. Yangi Zelandiya — Belgiya

08.00. G guruhi. Misr — Eron



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version