Sport
JChda 13-kun. Ronalduda rekord, Husanovning ko‘z yoshi va «jodulangan» Keyn
Kolumbiya Kongo DR bilan o‘yinda minimal hisobda g‘alaba qozondi va O‘zbekiston uchun imkon qoldirdi. Endi nazariy jihatdan so‘nggi turda O‘zbekiston kongoliklarni yengish orqali, 3-o‘rin bilan pley-offga chiqishi mumkin bo‘ladi.
Ronaldu qatorasiga oltinchi chempionatda gol urdi
Portugaliya – O‘zbekiston 5:0
Gollar: Ronaldu, 6 (1:0). Mendesh, 17 (2:0). Ronaldu, 39 (3:0). Ne’matov, 60 avtogol (4:0). Leau, 87 (5:0)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu (Semedu, 46), Joau Nevesh (Bernardu Silva, 76), Vitinya (Leau, 83), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Trinkau, 63), Pedru Netu (Konseysau, 46), Krishtianu Ronaldu
O‘zbekiston: Ne’matov, Abdullayev, Ashurmatov, Husanov, Shukurov (Esonov, 90+2), Hamrobekov (Alijonov, 46), Nasrullayev (Mozgovoy, 46), Karimov (Jiyanov, 90+2), G‘aniyev, Fayzullayev (Sergeyev, 73), Shomurodov
Ogohlantirishlar: Veyga, 68 – Hamrobekov, 14
Jahon chempionatining 1-turida Kongo DR bilan o‘yindagi nursiz o‘yindan (1:1) keyin Krishtianu Ronaldu tanqidlar yomg‘iri ostida qolgandi. Ikkinchi turda O‘zbekistonga qarshi kechadigan o‘yin esa u va jamoa bu tanqidlarga javob qaytarishi uchun imkon edi.
Portugallar ilk daqiqalardanoq kuchli bosim o‘tkazdi va o‘zbekistonliklarni chuqur himoyalanishga majbur qildi. Yevropa vakillari ko‘pchilik bo‘lib hujumga o‘tib, pozitsiyalarni almashtirib harakatlanishdi va tezkor kombinatsiyalar uyushtirishdi. Natijada 6-daqiqadayoq hisob ochildi: Kanselu o‘ng qanotdan reyd uyushtirib, jarima maydonida ochilgan Krishtianuni to‘p bilan ta’minladi, 41 yoshli hujumchi esa bu imkoniyatdan foydalandi. Bu orqali portugaliyalik yulduz qatorasiga oltinchi jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchiga aylandi – unga bu borada eng yaxshi natija qayd etgan Lionel Messi (5) bu natijani faqat 2030 yilgi jahon chempionatiga borsa takrorlashi mumkin.
Ronaldu portugallarning ikkinchi golida ham ishtirok etdi – barcha Hamrobekovning jarima maydoni yaqinidagi qo‘polligidan keyin belgilangan jarima zarbasini aynan u ijro etishini kutib turganida u to‘pni Nunu Mendeshga qoldirdi, «PSJ» himoyachisi esa pastlatib yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni darvozaning o‘ng burchagiga joylab qo‘ydi.
Shundan keyin O‘zbekiston ham oldinga chiqa boshladi va bir necha vaziyatlarga ega bo‘ldi: avvaliga Nasrullayevning yaqin burchakka yo‘llagan zarbasiga aniqlik yetishmadi, G‘aniyev esa juda chiroyli zarbasi bilan Koshta qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi ham.
Ammo vaziyatga VAR aralashib, gol bekor qilindi – videotakrorda to‘p G‘aniyevga kelib tushishidan oldin Abbos Fayzullayev Kanseluga qo‘pollik ishlatgani oydinlashdi.
O‘zbekistonliklar katta kuch bilan hujumga o‘tishda davom etishdi va buning uchun jazolanishdi. Markazda to‘p yo‘qotilgach, raqib tezkor qarshi hujum uyushtirdi va Fernandesh Ronalduni amalda darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib yubordi, u esa Ne’matovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 0:3.
U bo‘lim oxirigacha het-trik muallifiga aylanishi ham mumkin edi, ammo darvozabon ustidan oshirib tashlangan to‘pni Husanov darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi.
Kannavaro tanaffusda birinchi bo‘limda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ygan Hamrobekov va Nasrullayevni zaxiraga olib, Mozgovoy va Alijonovni tushirdi, Martines ham aynan o‘ng qanotini almashtirib, Semedu va Konseysauni maydonga tashladi.
O‘zbekiston ikkinchi bo‘lim boshida faol harakat qilib, pressing uyushtirdi, ammo 60-daqiqada esa yana bir bor standart vaziyat portugallar foydasiga ishladi. Burchakdan pastlatib oshirilgan to‘pga Feliks zarba berdi, to‘p avval Husanovga, keyin darvozabonga tegib, to‘rga borib tushdi.
Qolgan daqiqalarda hech bo‘lmaganda bitta javob golini urish uchun o‘zbekistonliklarda kuch ham, shijoat ham yetishmadi. O‘yin yakuniga yaqinlashganda zaxiradan tushgan Rafael Leau yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:0.
Portugaliya – butkul boshqa ligada ekanini namoyish etdi. Ronaldu esa shu yoshda ham to‘xtashni istamayapti. O‘yindan keyin kameralarga qarata shunday dedi: «Men qaytdim!»
Husanov esa o‘yindan keyin ko‘z yoshlarini tiya olmadi, uni «Manchester Siti»dagi sobiq jamoadoshi Bernardu Silva yupatishiga to‘g‘ri keldi.
Umuman, Husanov o‘yinni yomon o‘tkazmadi: to‘pga 39 teginish, 25 tadan 22 ta aniq uzatma, to‘rt marta to‘pni olib qo‘yish, to‘rt marta to‘pni egallash, bitta bloklangan zarba va uch marta to‘pni uzoqlashtirish.
Jodulangan Keyn
Angliya – Gana 0:0
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, Spens (O`Rayli, 66), Jyeyms, Rays, Anderson (Eze, 74), Bellinghem (Rodjyers, 73), Gordon (Saka, 65), Madueke (Reshford, 83), Keyn
Gana: Asare, Adjyeti, Opoku, Mensa, Senayya (Pepra Oppong, 87), Parti, Yirenkiy, Sibo, Semenyo, Inyaki Uilyams (Fatavu, 66), Ayyu (Adu, 67, Baba, 90)
Ogohlantirishlar: Rays, 41 – Inyaki Uilyams, 60
Guruh bosqichining 1-turida inglizlar xorvatlar bilan shou uyushtirib berishgandi (4:2). Ammo Ganaga qarshi bahsda muxlislar kutgan o‘yin bo‘lmadi – bu o‘yinda birorta gol urilmadi va Angliya muddatidan oldin guruh bosqichi masalasini hal qila olmadi.
Karlush Keyrush boshchiligidagi afrikaliklar ilk daqiqalardan 4-5-1 sxemasida chuqur himoyalanishdi va raqibga bo‘sh zonalar qoldirishmadi. Tomas Tuxel shogirdlari faqat standart vaziyatlardan omadini izlashga majbur bo‘ldi, lekin bu ham ish bermadi.
Inlizlar birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish bo‘yicha 81 ga 19 foiz, uzatmalar bo‘yicha 347-98, zarbalar bo‘yicha 6-0 nisbatida ustunlikka erishishdi,, ammo bu zarbalardan birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi.
Tanaffusdan keyin inglizlar raqibni o‘ziga chorlash uchun orqaroqqa qaytishdi, ammo ganaliklar bu tuzoqqa tushmadi. Ikkinchi bo‘lim davomida Tuxel Saka, Eze, Rodjyers va O’Rayli kabi futbolchilar hisobiga o‘yinni jonlantirishga harakat qildi, ammo kartina o‘zgarmadi.
Aksincha, ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida ganaliklarda ketma-ket ikkita xavfli vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Adu darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Pikford jarima maydonini tashlab chiqib, xavfni bartaraf etdi. Keyin esa ushbu futbolchining hujumini himoyachi Konsa podkat bilan to‘xtatib qoldi.
Angliya so‘nggi daqiqalarda shturm uyushtirishga va xavfli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Avvaliga Saka aylanma zarbasi bilan ganalik muxlislar yuragiga g‘ulg‘ula soldi, keyin esa O’Raylining yaqin masofadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘sindan qaytdi, ammo qaytgan to‘pga Keyn to‘g‘ri zarba bera olmadi.
Shu pallada ko‘pchilik ganalik shaman Nana Kvaku Bonsamni yodga oldi – u o‘yindan oldin inglizlar forvardini la’natlaganini aytgandi.
«Men Keyn bo‘yicha ishlayapman. Unga jiddiy jarohat tilamayman – u mening mamlakatimga qarshi o‘zini ko‘rsata olmasligi uchun yengil ta’sir yetarli bo‘ladi», – degandi u.
Golsiz durangni ganaliklar g‘alabadek nishonlashdi – bu natija amalda jamoaga pley-offni kafolatlaydi. Tuxel esa bunday ssenariy uchun nimadir o‘ylab topishi kerak bo‘ladi – turnir davomida uning jamosiga qarshi shunday uslubda harakat qiladigan jamoalar hali yana bo‘ladi.
Panama turnir bilan xayrlashdi
Panama – Xorvatiya 0:1
Gol: Budimir (54).
Panama: Moskera, Murillo, Ramos (Uoterman, 71), Kordoba, Andrade, Blekmen (Devis, 90), Martines, Harvi, Barsenas (Rodriges, 90), Rodriges, Fajardo (Londono, 83).
Xorvatiya — Livakovich, Stanishich, Shutalo, Pongrachich, Gvardiol (Kramarich, 46), Modrich (Mario Pashalich, 81), Kovachich (P.Suchich, 72), Marko Pashalich (L.Suchich, 72), Baturina, Perishich, Musa (Budimir, 46).
Ogohlantirishlar: Barsena (61), P.Suchich (90+2).
Panama birinchi turda Ganadan atigi bitta gol o‘tkazib yuborgandi. Xorvatiya bilan o‘yin taqdirini ham yagona gol hal qildi.
KONKAKAF vakillari ancha vaqtgacha nomdor raqiblarning bosimiga dosh berib turdi, shu kuni milliy jamoadagi 200-o‘yinini o‘tkazgan Luka Modrich ham bu himoyaga qarshi hech narsa o‘ylab topolmadi, ammo ikkinchi bo‘lim boshlarida yevropaliklar baribir o‘z maqsadiga erishdi – Marko Pashalich to‘pni tovoni bilan Yosip Stanishichga yetkazdi, uning olis burchakka yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Budimir g‘alaba golini urdi.
O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi va Panama oxirgi tur natijasidan qat’i nazar turnir bilan xayrlashadigan bo‘ldi. So‘nggi turda Angliya Panama bilan (28 iyun), Gana – Xorvatiyaga qarshi maydonga chiqadi.
Kolumbiyadan yordam
Kolumbiya – Kongo DR 1:0
Gol: Deniyel Munios (76)
Kolumbiya: Vargas, Munios, Sanchez, Lukumi, Mohika, Puerta, Lerma, Arias (Rios 78), Rodrigez (Kintero 58) Suarez (Kordoba 58) Diaz.
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Bakambu (23. Banza, 58), Vissa, Kayyembe (Pikel, 72) Mutussami (Mbuku 82), Mukau (Sadiki 46), Masuaku (Kayyembe, 72) Kapuadi, Tuanzebe, Mbemba, Van-Bissaka
Ogohlantirishlar: Lukumi (56), Lerma (90+4) – Pikel (90+4).
Kongo DR birinchi turda jahon chempionatidagi kutilmagan natijalardan birini qayd etib, yulduzli Portugaliyadan ochko tortib olgandi (1:1). Ammo ushbu jamoaning Luis Diaz boshchiligidagi kolumbiyaliklarga kuchi yetmadi.
Janubiy Amerika vakillari ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga olib, birin-ketin xavfli vaziyatlar yaratishdi. 19-daqiqaga kelib zarbalar statistikasi 8:1 ko‘rinishida bo‘lgani ham ko‘p narsani anglatadi (taqqoslash uchun, portugallar o‘yin davomida jami 7 bor zarba berishgandi).
Afrikaliklarning 31 yoshli darvozaboni Lionel Mpasi-Nzo birinchi bo‘lim davomida 6 bor seyv ijro etdi. U ikkinchi bo‘limda ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi – Dias yana yaqin masofadan turib Mpasi-Nzoni dog‘da qoldira olmadi, Aryas esa darvozabon hududidan turib burchakka to‘g‘ri zarba berolmadi.
76-daqiqaga kelibgina kongoliklar devori buzib o‘tildi – o‘tgan turda o‘zbekistonliklar darvozasiga ham gol urgan himoyachi Kristian Munios Xuan Kinteroning uzatmasidan keyin qulay vaziyatga chiqib borib, to‘pga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi.
Qolgan vaqt davomida o‘yin hakami Diasning ikki golini bekor qildi. Birinchi holatda «Bavariya» vingeri to‘pni Mpasi-Nzo ustidan oshirib tashlagandi, ammo bundan oldin raqib himoyachisini qo‘li bilan turtgani ma’lum bo‘ldi. Ikkinchi epizodda esa mikroskopik ofsayd qayd etildi.
Bu g‘alaba orqali Kolumbiya O‘zbekiston uchun imkoniyat qoldirdi. Agar bugun kongoliklar g‘alaba qozonganida o‘zbekistonliklar so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar to‘rtinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan bo‘lardi.
Endi 3-turda muxlislarni supero‘yin kutmoqda – Kolumbiya Portugaliyaga qarshi guruh g‘olibligi uchun kurash olib boradi. Pley-off masalasini hal qilib bo‘lgan janubiy amerikaliklarga birinchi o‘rin uchun durang ham yetarli bo‘ladi.
O‘zbekiston esa guruhdan chiqish uchun Kongoni imkon qadar yirik hisobda mag‘lub etishi va boshqa guruhlarda o‘zi uchun kerakli natijalar qayd etilishini kutishi kerak bo‘ladi.