Sport
JChda 12-kun. Messi rekordlar kitobini qaytadan yozmoqda, Fransiya o‘yinida 2 soatlik tanaffus
Jahon chempionatining navbatdagi kuni ham voqealarga boy bo‘ldi: Mbappe va Holand ham Messidan qolishmayapti; arablar derbisida Iordaniya Jazoirga yutqazdi va turnirni muddatidan oldin tark etdi.
Jahon chempionatining ikkinchi turi poyoniga yetib bormoqda – 22 iyun kuni kechqurun va 23 iyunga o‘tar kechasi esa ushbu bosqichda navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun voqealarga boy bo‘ldi: Argentina Avstriyani mag‘lub etgan o‘yinda (2:0) Lionel Messi rekord o‘rnatdi, Fransiya haddan tashqari uzoq davom etgan o‘yinda Iroqqa hech qanday imkoniyat qoldirmadi (3:0), Norvegiya Senegalni taslim etdi (3:2), Iordaniya esa Jazoirga birinchi bo‘lib gol urganiga qaramay, yakunda yutqazib qo‘ydi (1:2).
Futbol atrofida ham voqealar davom etmoqda: ganalik shaman Harri Keynga tahdid qildi, Jyeremi Doku ota bo‘ldi, D guruhida esa kelishilgan o‘yin o‘tkazilishi mumkin.
Messi tarixga kirdi
Argentina – Avstriya 2:0
Gollar: Messi, 38 (1:0). Messi, 90+5 (2:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 9’
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 57), Medina (Talyafiko, 82), Molina, de Paul (Paredes, 82), Makallister, Fernandes, Messi, Almada (Alvares, 64), L. Martines (Gonsales, 64)
Avstriya: A. Shlager, Danso, Posh (Fridl, 67), Alaba (Prass, 67), Vanner (Arnautovich, 67), K. Shlager, Zayvald, Zabitser, Shmid (Vimmer, 78), Laymer, Gregorich (Chukvuemeka, 85)
Ogohlantirishlar: Medina, 76. Paredes, 90 – Posh, 40. Laymer, 76
22 iyun kuni kechqurun butun dunyo nigohi Argentinaning Avstriya bilan o‘yiniga qaratildi. Muxlislarni o‘yin natijasidan ko‘ra Messining natijasi ko‘proq qiziqtirardi. 38 yoshli hujumchi jahon chempionatlarida urilgan gollar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatish arafasida turgandi. O‘yindan oldin uning hisobidagi bunday gollar soni 16 ta bo‘lib turgandi – u germaniyalik Miroslav Klozedan o‘zib ketishi va sof birinchi o‘ringa chiqishi uchun yana bitta gol kerak edi.
Leoda buning uchun dastlabki imkoniyat o‘yin startidayoq yuzaga keldi – 9-daqiqada o‘yin bosh hakami VAR aralashuvidan keyin yevropaliklar darvozasiga penalti belgiladi. Ammo tajribali forvard 11 metrdan aniq zarba bera olmadi. Bu joriy turnirda ilk bor penalti xato ijro etilishi bo‘ldi – bungacha olti nafar futbolchi o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalangandi.
Lekin «Oltin to‘p»ning sakkiz karra sohibi tarixiy lahzalarni uzoq kuttirmadi. U birinchi bo‘lim oxirlarida o‘z maqsadiga erishdi va mutlaq rekord o‘rnatdi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa dublni rasmiylashtirdi va joriy turnir to‘purarlari poygasida ham oldinga o‘zib ketdi. Argentina ikki o‘yinda besh gol urdi va bu gollarning barchasi Leo hisobiga yozilgan.
Bo‘ron va Mbappedan yorqin o‘yin
Fransiya – Iroq 3:0
Gollar: Mbappe, 14 (1:0). Mbappe, 54 (2:0). Dembele, 66 (3:0)
Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba, Din, Kunde (Gyusto, 83), Kone, Rabio, Olise (Sherki, 68), Barkolya (Akliush, 83), Dembele (Due, 68), Mbappe (Tyuram, 90+1)
Iroq: Bazil, Tahsin (Sulaka, 60), Hoshim, Doski, Ali, Al-Ammariy (Farji, 68), Iqbol, Ismoil (Amin, 60), Bayyesh (Sher, 68), Qosim, Husayn (Al-Hamadiy, 26)
Ogohlantirishlar: Al-Ammariy, 6
Ushbu o‘yin boshlanishidan ancha oldinroq sinoptiklar Fransiya va Iroq o‘rtasidagi uchrashuvga Filadelfiyadagi ob-havo noqulayligi xalal berishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Amalda ham o‘yin yomg‘ir ostida boshlandi, ammo futbolchilar o‘ynashga qaror qilishdi.
Fransiya 14-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib oldi. Birinchi turda bo‘lgani kabi Maykl Olise va Kilian Mbappe chiroyli gol yuzaga keltirishdi: «Bavariya» yarimhimoyachisi to‘pni jarima maydoniga kirib borgan «Real» forvardiga yetkazdi, u esa bor kuch bilan zarba berib, olis burchakni aniq nishonga oldi. Tanaffusga yaqin yomg‘ir ikki karra kuchaydi va chaqmoqlar boshlandi. Hakam hushtagi chalinganidan keyin futbolchilar tom ma’noda maydondan qochib chiqishdi.
Ikkinchi bo‘lim esa o‘z vaqtida boshlanmadi. Avvaliga standart 15 daqiqalik tanaffus vaqti yarim soatga oshirildi, keyin yana 40 daqiqa, undan keyin yana bir yarim soat qo‘shib berildi. Yakunda futbolchilar faqat 2 soat-u 10 daqiqa o‘tib gazonga qaytishdi.
Pauza fransuzlarga ta’sir ko‘rsatmagandi. Aksincha, hordiq chiqarib olgan futbolchilar katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va Mbappe raqiblar xatosidan foydalanib, jahon chempionatlaridagi 16-golini nishonladi va bu borada Miroslav Klozening ko‘rsatkichiga yetib olib, Lionel Messini ta’qib qilishda davom etdi. O‘yindagi yakuniy hisob esa Usmon Dembele tomonidan o‘rnatildi – 3:0.
Holand Norvegiyani pley-offga olib chiqdi
Norvegiya – Senegal 3:2
Gollar: Pedersen, 43 (1:0). Holand, 48 (2:0). I. Sarr, 53 (2:1). Holand, 58 (3:1). I. Sarr, 90+3 (3:2)
Norvegiya: Nyulann, Ayyer, Heggem (Estigor, 84), Volfe, Ryuerson (Pedersen, 13), Berge, Eursnes (Berg, 46), Edegor, Nusa (Shelderup, 71), Serlot (Bobb, 84), Holand
Senegal: Mendi (Diav, 63), Kulibali (P. Sarr, 72), Niakate, Diuf (Yakobs, 54), Diatta, Gana Guyye, Guyye (Mbay, 54), Kamara (Siss, 63), Mane, I. Sarr, Jyekson
Skandinavlar Senegal bilan o‘yinning birinchi bo‘limini qulay imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarish bilan o‘tkazishdi. Shunday vaziyatlardan birida Erling Holand darvozabon Eduard Mendini ham aldab o‘tdi, ammo bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etolmadi. Shunga qaramay, bo‘lim oxirida Markus Holmgren Pederson hisobni ochdi.
Ikkinchi 45 daqiqalikda esa Holand uyg‘ondi: «Manchester Siti»ning yulduzli forvardi dublni rasmiylashtirdi va Norvegiyaning jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purariga aylanib oldi (4 gol). Senegalliklar ham o‘yinga qaytishdi. Afrika jamoasi safida Ismoil Sarr yorqin o‘yin ko‘rsatib, ikki bor darvozani ishg‘ol etdi. Faqat bu uning jamoasiga yordam bera olmadi – 2:3.
Ikki tur natijalariga ko‘ra Norvegiya fransuzlar bilan bir xilda 6 tadan ochko jamg‘arib, pley-offga chiqish masalasini hal qildi. So‘nggi turda ushbu jamoalar guruh peshqadamligi uchun o‘zaro kurash olib borishadi. Senegal va Iroqda esa hozircha birorta ochko yo‘q.
Iordaniya turnirni tark etdi
Gollar: Al-Rashdon, 36 (1:0). Benbuali, 69 (1:1). Guiri, 82 (1:2)
Iordaniya: Abulayla, Al-Arab, Abu Dahab (Ubayd, 90+1), Nasib, Al-Ravabdeh, Al-Rashdon, Abu Taha (Abu Hashish, 84), Haddod, Olvan (Abu Zrayk, 90+1), Al-Mardiy (Al-Faxuriy, 76), At-Tamariy (Azayzeh, 84)
Jazoir: Zidan, Mandi, Bensebayni, Ayt Nuri (Hajam, 85), Belgali, Zerrukiy (Bintolib, 46), Badaviy (Benbualiy, 46), Maza, Shaybiy, Mahrez (Hoji-Musa, 76), Guiri (Belaid, 86)
Ogohlantirishlar: Abu Dahab, 64 – Zerrukiy, 44
Ikki jamoa ham turnirni mag‘lubiyat bilan boshlagandi: Jazoir Argentina qarshisida butkul ojiz qolgan (0:3), Iordaniya esa Avstriya bilan o‘yinda tengma-teng kurashib, o‘yin oxirida gollar o‘tkazib yuborgandi (1:3). Ikkinchi turda yutqazadigan jamoa uchun pley-offga chiqish imkoniyati qolmasdi.
O‘yinning birinchi bo‘limida jazoirliklar to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishishdi (74 ga 26 foiz), vaziyatlar bo‘yicha tenglik kuzatildi. Ulardan foydalanish bo‘yicha esa Iordaniya yaxshiroq harakat qildi: Nizan Al-Rashdon Muso At-Tamarining uzatmasidan keyin darvozabonning o‘ng pastki burchagini aniq nishonga oldi. Ammo bu gol natija keltirmadi.
Ikkinchi bo‘limda Nadir Benbuali Riyoz Mahrezning uzatmasidan keyin bosh bilan gol urib, muvozanatni tikladi. Ko‘p o‘tmay Jazoir hisobda oldinga ham chiqib oldi: burchak zarbasi ijro etilganida Amin Guiri barchadan ildamroq harakat qildi – 2:1. Endi Iordaniya uchun uchinchi tur natijasi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.
Mashhur shaman qaytdi
23 iyun kuni Angliya Gana bilan o‘ynaydi. Tomas Tuxel jamoasining Xorvatiyaga qarshi o‘yinini (4:2) ko‘rgan afrikaliklar esa oldindagi o‘yinga tayyorgarlik jarayonida barcha vositalarni, jumladan, noodatiy usullarni ishga solmoqda.
Xususan, ganalik mashhur shaman Nana Kvaku Bonsam ingliz nashrlariga bergan intervyusida «Uch sherlar» forvardi Harri Keynni la’natlashini aytdi. O‘zining aytishicha, u hech qanday xavfli ish qilishni rejalashtirmayapti, lekin baribir raqib hujumchisini to‘xtatmoqchi.
«Unga jiddiy jarohat yetkazishni istamayman. Uni to‘xtatishning o‘zi kifoya. Ganaga yordam berish uchun o‘z ishimni qilaman», – degan Bonsam.
Ushbu shaman avval ham OAV orqali shov-shuvli chiqishlar qilgan. 2014 yilgi jahon chempionatida Gana Portugaliya bilan raqib bo‘lgandi – turnir arafasida Krishtianu Ronaldu jarohat olgan, Nana Kvaku esa buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, bu hodisani o‘z mamlakati uchun deb izohlagandi. Lekin portugaliyalik hujumchi o‘yingacha tiklanishga ulgurib, Gana darvozasini ishg‘ol ham qilgandi (2:1), shunday ekan, Keyn hech narsadan xavotir olmasa ham bo‘ladi.
Kelishilgan o‘yin bo‘ladimi?
Hozirgi reglament milliy jamoalar o‘rtasida kelishilgan o‘yinlar bo‘lishi ehtimolini minimallashtirishga qaratilgan. Ammo bu muammoni uzil-kesil bartaraf etishning imkoni yo‘qqa o‘xshaydi – 2026 yilgi turnirda ham kelishilgan o‘yin uchun asos yuzaga kelgan.
Muxlislar Paragvay va Avstraliya o‘rtasidagi o‘yinni shubha ostiga olishmoqda – D guruhi vakillari 25 iyun kuni 3-tur doirasida o‘zaro o‘ynaydi. Kvartetdagi vaziyat shundayki, ikki jamoani ham so‘nggi turda durang natija qoniqtiradi – bu holda ikki jamoa ham to‘rttadan ochkoga ega bo‘ladi va birgalikda pley-offga chiqishi mumkin.
Albatta, jamoalarni oldindan ayblab bo‘lmaydi. Ammo o‘sha kuni butun dunyoning nigohi ushbu jamoa futbolchilarining harakatlariga qaratilgan bo‘ladi.
Doku ota bo‘ldi
Belgiyalik hujumchi Jyeremi Doku birinchi bor ota bo‘ldi. Jamoa matbuot xizmati bu haqda rasman ma’lum qildi. 24 yoshli vinger bir necha kun oldin jamoa bazasini tark etgan va Eronga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborgandi, buning uchun L`Equipe nashri jurnalisti Frans Perron futbolchini tanqid qilib chiqqandi.
«Jahon chempionatiga chiqish uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan yuzlab futbolchilar bor. Bolalik orzusi, eng muhim lahza. Va sen farzand ko‘rish uchun buni tashlab ketasanmi? Bu jirkanch. Bunday paytda onaga ota yonida bo‘lishi muhim emas, u statist rolini bajaradi», – degandi Perron.
Jurnalist darhol tanqidlar ostida qoldi – uning o‘zi ham, u ishlaydigan nashr ham uzr so‘rab chiqishiga to‘g‘ri keldi. Dokuning o‘zi esa bunga e’tibor qaratgani yo‘q, turmush o‘rtog‘ining yoniga yo‘l oldi va baxtli otalardan biriga aylandi.
Navbatdagi o‘yinlar
23 iyun kuni kechqurun va 24 iyunga o‘tar kechasi ikkinchi tur doirasidagi so‘nggi o‘yinlar o‘tkaziladi.
22.00. K guruhi. Portugaliya — O‘zbekiston
01.00. L guruhi. Angliya — Gana
04.00. L guruhi. Panama — Xorvatiya
07.00. K guruhi. Kolumbiya — Kongo DR