Sport

JCh kundaligi. Fransiya uchun yangi murabbiy va prezident tanqidiga uchragan brazillar

Published

on


Birinchi yarimfinal kutilmalarni oqladi.

JCh-2026 yarimfinali doirasidagi birinchi uchrashuvda Ispaniya  Fransiya ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi (2:0). Luis de la Fuente shogirdlari birinchi bo‘limda penalti orqali hisobni ochishdi va raqibga deyarli hech qanday imkon berishmadi, tanaffusdan keyin esa hisobdagi ustunlikni mustahkamlashdi.

Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar davom etmoqda: afsonaviy fransuz futbolchisi Zinedin Zidan milliy jamoa boshqaruvida Dide Deshamning o‘rnini egallash uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda, Braziliya prezidenti milliy jamoa futbolchilarini turnirdan keyin vatanga qaytmagani uchun tanqid qildi, Norvegiya milliy jamoasi forvardi Erling Holand esa Amerikada shoping qildi.

Jamoaviy g‘alaba

Fransiya – Ispaniya 0:2

Gollar: Oyyarsabal, 22 – penalti (0:1). Porro, 58 (0:2)

Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba (Lakrua, 30), Din (Ernandez, 72), Kunde, Tchuameni, Rabio (Kone, 46), Olise (Sherki, 72), Barkolya (Due, 57), Dembele, Mbappe

Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro (Liorente, 84), Ruis (Merino, 78), Rodri, Olmo (Pedri, 78), Baena (Uilyams, 84), Yamal, Oyyarsabal (Torres, 74)

Ogohlantirishlar: Rabio, 9. Mbappe, 86 – Kukurelya, 31

Fransiya jahon chempionatlarida qatorasiga uchinchi bor finalga chiqish vazifasini uddalay olmadi. «Qizil furiya» turnirning asosiy favoritlaridan birini ilojsiz ahvolda qoldirdi va finalga chiqdi.

De la Fuente shogirdlari ilk daqiqalardanoq birinchi raqam ostida harakat qildi. Ispanlar ketma-ket hujumlar uyushtirmadi, ammo maydon markazida to‘pni ishonch bilan nazorat qilishdi va fransuz himoyasidagi zaif nuqtalarni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. 20-daqiqada bu natija berdi: himoyachi Lyuka Din o‘z jamoasi jarima maydonida ehtiyotsizlik qildi va to‘p o‘rniga Lamin Yamalni tepib yubordi. O‘yin bosh hakami darhol 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, Mikel Oyyarsabal esa penaltini ishonch bilan ijro etdi.

«Uchranglilar»ning muammolari shu bilan tugamadi. Ko‘p o‘tmay markaziy himoyachi Vilyam Saliba belida kuchli og‘riq his qilib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Ispanlar esa hisobni ochganidan keyin ham himoyalanish haqida o‘ylamadi va vaziyatlar yaratishda davom etib, ikkinchi bo‘limda o‘z maqsadiga yetishdi: Pedro Porro Dani Olmo bilan «devor» uslubida o‘ynab, jarima maydoniga kirib bordi va darvozabonni dog‘da qoldirdi.

Fransuzlar esa shu kuni turnirdagi eng yomon o‘yinini o‘tkazayotgandi: tezkor hujumchilarning hujum qilishga urinishlari samara bermadi, Kilian Mbappe muntazam ravishda ofsayd qopqoniga tushib qoldi, Deshamning futbolchi almashtirishlari ham yordam bermadi. Fransuzlar o‘yinning so‘nggi o‘n daqiqaligida shturm uyushtirishga harakat qildi va ilk bor (bu oraliqda jami uch marta) to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, ammo bu hujumlar hisobni hech bo‘lmaganda qisqartirish uchun ham yetarli bo‘lmadi.

Ispaniya ikki to‘p farqini saqlab qoldi va o‘z tarixida ikkinchi bor JCh finaliga yo‘l oldi, birinchi urinishda, 2010 yilda pireneyliklar sovrinni qo‘lga kiritishgandi.

Zinedin Zidan Deshamni almashtiradimi?

Dide Desham Fransiya milliy jamoasi boshqaruvini tark etishi o‘tgan yiliyoq ma’lum edi – uning o‘zi jurnalistlar qarshisida mundialdan keyin ketmoqchi ekanini e’lon qilgandi. «Uchranglilar» Ispaniyaga yutqazib, turnirni tark etganidan keyin taniqli insayder Fabritsio Romano uning o‘rnini kim egallashi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.

«Fransiya milliy jamoasida Dide Desham boshqaruvi davri poyoniga yetmoqda. Uchinchi o‘rin uchun o‘yin uning milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi. Ushbu uchrashuvdan keyin Desham jamoa bilan xayrlashadi, keyin esa Zinedin Zidanning boshqaruvi davri boshlanadi», – deya yozgan Romano ijtimoiy tarmoqda.

Desham Fransiya milliy jamoasini 14 yil mobaynida boshqarib, 186 o‘yin o‘tkazdi, shundan 122 tasida g‘alabaga erishdi. 2018 yilda u jamoa bilan jahon chempioni bo‘ldi, 2021 yilda UYeFA Millatlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi, 2022 yilda Qatardagi JCh kumush medallariga ega chiqdi.

Zidan murabbiylik faoliyatida ikki bor «Real»ni boshqargan (2016-2018, 2019-2021) va Madrid klubi bilan uch marta Chempionlar ligasida zafar quchgan, shuningdek, ikki bor Ispaniya chempioniga aylangan. U futbolchiligida jahon chempioni (1998) va Yevropa chempioni (2000) bo‘lgan.

Holand Hollandni ignor qildi

Norvegiyalik forvard Erling Holand Hollivud yulduzlarini tan olmaydi. Britaniyalik aktyor, O‘rgimchak odam roli orqali tanilgan Tom Holland futbolchini Monakodagi «Formula-1» Gran-prisida ko‘rganidan keyin, unga yozib, kechki ovqatni birgalikda qilish taklifini bildirgani haqida aytib berdi. Ammo unga javob qaytarilmagan.

«Unga yozdim va kechki ovqatga taklif qildim. Undan javob sifatida loaqal bitta so‘z ham kelmadi, sababini aytmadi, «men bandman, futbol o‘ynashim kerak» demadi. U taklifni rad etgani ham yo‘q, shunchaki mening kimligimni bilmadi. O‘ylaymanki, bu muhim tajriba bo‘ldi: u menga aktyor sifatida kamtar bo‘lib qolishni o‘rgatdi», – deya xotiralari bilan bo‘lishgan Tom Jimmi Fellonning shousida.

Shu bilan birga, Holland undan xafa bo‘lmagan. U Holandni «aql bovar qilmas» futbolchi va «haqiqiy afsona» deb hisoblaydi, shuningdek, Norvegiya JCh chorakfinalida Angliyaga yutqazib (1:2), turnirni tark etganidan keyin u bilan kechki ovqatdan butkul umid uzganini aytib, hazil qilgan.

«Bu voqeadan keyin u men bilan uchrashishi dargumon», – deya qo‘shimcha qiladi aktyor.

Holand Texasdan sovg‘alar bilan qaytdi

Bir narsa aniq. Norvegiyalik hujumchining yulduz aktyorlar bilan birga ovqatlanishga vaqti yo‘q edi – u shoping bilan mashg‘ul bo‘lgan. TMZ ma’lumotiga ko‘ra, hujumchi Norvegiyaga qaytishdan oldin ayrim jamoadoshlari bilan Dallasdagi Yovvoyi g‘arb uslubidagi do‘konga borgan.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, besh nafar futbolchi bu yerda 10 ming dollar sarflagan, barcha xaridlar uchun to‘lovni Holand amalga oshirgan.

Futbolchilar kovboylar shlyapalari, etiklar, vestern-ko‘ylaklar hamda va qayish to‘qalar (pryajka) olishgan. Hujumchining asosiy xaridi esa alkogol ichimlikka biriktirilgan yenot tulumi bo‘lgan (750 dollar).

Holand Norvegiyaga qo‘ngan samolyot trapidan tushayotganida aynan shu tulumni ko‘targan holda ko‘rinish berdi va bu surat ijtimoiy tarmoqlarda virusdek tarqaldi.

Braziliyalik futbolchilar vatanga qaytmadi, prezident norozi

Braziliya 2026 yilgi jahon chempionatida nimchorakfinalda Norvegiyaga yutqazdi (1:2) va 1990 yildan buyon ilk bor chorakfinalga chiqa olmadi. Ma’lum bo‘lishicha, jamoa turnirni erta tark etganidan keyin futbolchilarning ko‘pchiligi vataniga qaytib o‘tirmagan va o‘sha yerdan ta’tilga yo‘l olishgan.

Mamlakat prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga AQShdan charter reys deyarli bo‘sh qaytgani haqida axborot berishgan. Shundan keyin siyosatchi futbolchilarni tanqid qildi.

«Delegatsiya katta tarkibda uchib ketgandi, juda ozchilik bo‘lib qaytib keldi. Milliy jamoa samolyotida deyarli hech kim yo‘q edi. Qanday sharmandalik! Faqat birgina futbolchi qaytgan. Agar ular g‘alaba qozonganida, bu yerda hamma raqsga tushgan bo‘lardi», – deya mamlakat rahbarining so‘zlarini keltiradi UOL nashri.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya bilan vatanga faqat «Flamengo» himoyachisi Danilo qaytgan, o‘z vaqtida «Portu», «Real», «Manchester Siti» va «Yuventus» kabi klublarda ham to‘p surgan ushbu futbolchi turnirdagi barcha o‘yinlarda qatnashgandi.

Jurnalistlar futbolchilar ta’tilni qanday o‘tkazayotgani to‘g‘risida ham ma’lumotlarni aniqlashdi. Masalan, Neymar turnirdan keyin darhol o‘zining ikkinchi sevimli o‘yini bo‘lgan poker o‘ynashga kirishib ketgan: 34 yoshli futbolchini Las-Vegasdagi turnirda uchratishgan. Bu turnirda qatnashish uchun 10 ming dollarlik badal to‘lash kerak bo‘ladi.

Vinisius Junior ham ta’tilni maroqli o‘tkazmoqda. Uning sevgilisi Virjiniya Fonseka instagramdagi sahifasida Italiyada birga dam olishayotgani aks etgan suratlarni joylashtirgan.

Muvaffaqiyatsiz natijaga qaramay, Braziliya futbola konfederatsiyasi va bosh murabbiy Karlo Anchelotti amaldagi shartnoma bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishishgan. Braziliyani keyingi jahon chempionati uchun ham italiyalik mutaxassis tayyorlaydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version