Sport

JCh kundaligi. Argentinada yana kambek, finalda 30 daqiqalik tanaffus

Published

on


Messi yana bir performans namoyish etdi, argentinaliklar o‘yindan keyin siyosiy banner ko‘tarishdi; Mbappe himoyaga yordam berishda turnirning eng yomon futbolchisiga aylandi – u yetti o‘yinda atigi bir marta himoyaga qaytgan; FIFA esa yana bir bor o‘z qoidalarini buzmoqda.

Argentina – jahon chempionati finalida. Lionel Skaloni shogirdlari Angliyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida iroda ko‘rsatib, g‘alaba qozondi (2:1). Endi «Albiselesta» finalda Ispaniyaga qarshi maydonga chiqadi.

Futbol maydonlaridan tashqarida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: fransuzlar himoyachisi Lyuka Din nafrat to‘lqiniga duch keldi, Kilian Mbappe esa himoyaga yordam berishda eng yomon futbolchi deb topildi.

Buyuk kambek

Angliya – Argentina 1:2

Gollar: Gordon, 55 (1:0). Fernandes, 85 (1:1). L. Martines, 90+2 (1:2)

Angliya: Pikford, Stouns (Reshford, 90+6), Geyi, Spens (Toni, 90+6), Jyeyms (O`Rayli, 82), Rays (Byorn, 82), Anderson, Bellinghem, Gordon (Konsa, 72), Rodjyers, Keyn

Argentina: E. Martines, L. Martines (Montiel, 72), Romero, Molina (Otamendi, 72), Talyafiko (L. Martines, 81), Paredes (Gonsales, 64), Makallister, Fernandes, Simeone (de Paul, 72), Alvares, Messi

Ogohlantirishlar: Anderson, 37 – L. Martines, 42. Romero, 51. de Paul, 90

«Biz uni yuz foizga zararsizlantira olmasligimizni juda yaxshi tushunib turibmiz… ammo biz bir yo‘lini qilamiz», – degandi o‘yindan oldin Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel Lionel Messi haqida.

Germaniyalik mutaxassisning rejasi avvaliga chindan ham ish berdi – inglizlar birinchi bo‘limda taktik follar va ehtiyotkorona o‘yin bilan Messini ham, butun Argentinani ham tiyib turdi. Va o‘zini ham

– yarimfinalning birinchi bo‘limi xavfli vaziyatlar bilan emas, xavfli harakatlar bilan yodda qoldi. Buni yaqqol ifodalaydigan oddiy fakt: dastlabki yarim soat mobaynida jamoalar biror marta ham darvoza tomon zarba berishmadi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, bu jahon chempionati tarixida ilk bor shunday bo‘lishi.

Ammo ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgardi. Inglizlarning 55-daqiqada uyushtirgan golli hujumi o‘yinni ochib yubordi – Entoni Gordon Morgan Rodjyers qanotdan uzatgan to‘pni yaqin masofadan darvoza to‘riga kiritib yubordi.

O‘tkazib yuborilgan gol argentinaliklarni oldinga chiqishga majbur qildi – ular raqib darvozasi tomon tez-tez yaqin borishdi va Jordan Pikfordni bir necha bor qahramonlik ko‘rsatishga majbur qildi.

Skaloni futbolchilarni almashtirish orqali hujum chizig‘ini kuchaytirdi, Tuxel esa oldingi chiziq vakillari o‘rniga himoyachilarni tushirdi. 

Pikford oxirigacha turib bera olmadi. 85-daqiqada Lionel Messidan to‘pni qabul qilib olgan Enso Fernandes jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi – tayanch zonasida uni hech kim qarshi olmadi, bu pozitsiyani yopishi kerak bo‘lgan Deklan Rays ikki daqiqa oldin zaxiraga olingandi.

90+2-daqiqada esa 39 yoshli argentinalik g‘alaba goliga ham uzatma berdi – uning o‘ng qanotdan uzatmasi darvoza chizig‘i oldida bo‘sh qoldirilgan Lautaro Martinesning boshiga yetib bordi.

Angliya qolgan daqiqalarda vaziyatni o‘zgartira olmadi, argentinaliklar so‘nggi daqiqalarda ham kuchli bosim uyushtirishdi va g‘alabali hisobni ushlab qolishdi. «Albiseleste» bu safargi turnir pley-offida har safar so‘nggi daqiqalargacha muxlislarini hayajonda o‘tirishga majbur qilmoqda: Kabo-Verde, Misr va Shveytsariyaga qarshi o‘yinlarda ham barchasi o‘yin oxiridagi gollar evaziga hal bo‘lgandi. Ispaniya ham finalda hakam hushtagi chalinmagunicha bo‘shashmasligi talab etiladi.

Finalda 30 daqiqalik tanaffus bo‘ladi

JCh-2026 allaqachon tarixdagi eng noodatiy turnirga aylandi – 48 ishtirokchi jamoadan tortib kuling breklar orqali o‘yin to‘rt bo‘limga bo‘lib tashlanganigacha. Turnir finali ham noodatiy ko‘rinishda bo‘ladi – birinchi bo‘limdan keyin standart 15 daqiqalik tanaffus o‘rniga yarim soatlik konsert uyushtirilishi rejalashtirilmoqda.

Bu konsertda Jastin Biber, Madonna, Shakira va janubiy koreyaliklarning Bs pop-guruhi chiqish qilishi kutilmoqda. Marosim tashkilotchisi Coldplay guruhi solisti Koul Martin bo‘ladi.

Bir qarashda amerikacha uslubdagi shou (AQShda tanaffuslarda konsert berishni yaxshi ko‘rishadi) qiziqarli ko‘rinsa-da, u rasman FIFA qoidalarini buzadi.

«Agar chindan ham shunday yo‘l tutilsa, o‘yin qoidalari buziladi. Qoidada «futbolchilar ikki bo‘lim o‘rtasida 15 daqiqadan oshmaydigan tanaffus qilish huquqiga ega»ligi haqida yozilgan. Musobaqa reglamentida bo‘limlar orasidagi tanaffus davomiyligi ko‘rsatilishi shart va u faqat hakam ruxsati bilan o‘zgartirilishi mumkin. JCh-2026ni tartibga soluvchi hujjatda ham faqat 15 daqiqalik tanaffus haqida so‘z ketgan», – deya yozadi «SE» nashrining hakamlik bo‘yicha eksperti Aleksandr Bobrov.

Boshqa tomondan, bu jahon chempionatida o‘z qoidalarini buzish – allaqachon FIFA uchun an’anaga aylangan.

«Uzurpator qaroqchilar»

Navbatdagi siyosiy mojaro ham ro‘y berdi. Angliyaga qarshi yarimfinal o‘yini arafasida Argentina vitse-prezidenti Viktoriya Vilyarruel estafeta tayoqchasini qabul qilib oldi. U yevropaliklarni «uzurpator qaroqchilar» deb atagan.

«Bu oddiy o‘yin emas. Ertaga qaroqchilarga qarshi o‘ynaymiz. Men tolerantlik qilmayman va vazmin bo‘lmayman: inglizlarga qarshi o‘yin – har doim kattaroq bo‘ladi. Malvin orollari, Diyego Maradona, Leoning so‘nggi turniri va bosqinchilarni to‘xtatish imkoniyati. Olg‘a, Argentina! Chunki oxirgi nafasimizgacha o‘zimiznikini talab qilamiz!» – deya yozgan Vilyarruel ijtimoiy tarmoqda.

Ma’lumot uchun, Argentina va Buyuk Britaniya munosabatlari 1982 yilda Folklend urushi tufayli yomonlashgandi – shu nomli orol uchun ikki oydan ortiq vaqt davomida harbiy harakatlar olib borilgan va bu ikki tomondan yuzlab harbiylarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Mojaro yakunida Folklend oroli (Argentinada – Malvin oroli deb nomlanadi) Buyuk Britaniya tarkibida qolgan va hozirgacha mamlakatlar o‘rtasida, asosan futbol maydonlarida, keskin qarama-qarshilik davom etmoqda. Bu galgi to‘qnashuvni «Albiseleste» o‘z foydasiga hal qildi va o‘yindan keyin futbolchilar argentinalik muxlislar olib kelgan, «Malvin oroli – Argentinaniki» deb yozilgan bannerni stadionga olib tushishdi va uning fonida suratga tushishdi.

Mbappe – JChning himoyalanishda eng yomon futbolchisi

Fransiya milliy jamoasi sardori Kilian Mbappega jahon chempionati yarimfinalida Ispaniyaga qarshi kechgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan (0:2) keyin ilk tanqid toshlari kela boshladi. FotMob portaliga ko‘ra, ushbu forvard turnirning himoyaviy harakatlarda ishtirok etish bo‘yicha eng yomon futbolchisi bo‘lgan. Agar statistikaga ishonilsa, 27 yoshli fransuz yetti uchrashuv mobaynida faqat bir marta jamoadoshlariga himoyada yordam bergan va bu borada so‘nggi 602-o‘rinni egallagan.

Kilianni dangasa deb bo‘lmaydi – nima bo‘lganda ham u turnir davomida sakkizta gol urdi. Shu bilan birga, murabbiylar bu statistik ko‘rsatkichni inobatga olishi tayin.

Din vatan xoiniga chiqarildi

Chempionlik uchun kurashdan chiqilgach, boshqa bir fransuz futbolchisi – himoyachi Lyuka Din ham tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi. Aniqrog‘i, uni shunchaki tanqid qilishmayapti, balki chinakamiga ta’qibga olishgan – ushbu futbolchi Ispaniyaga qarshi o‘yin taqdirini hal qilgan penaltiga sababchi bo‘lgandi. Natijada Dinning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari irqchilik ruhidagi izohlar bilan to‘lib ketdi, uni «oq axlat» deb atashmoqda.

«Sen jamoadagi yagona oq tanli eding va biz sen tufayli yutqazdik», – deya yozgan heyterlardan biri.

Dinning ta’qib qilinishini global miqyosda qoralash hali kuzatilmayapti. Bu allaqachon ba’zi siyosatchilarning g‘ashiga tegmoqda – Fransiya Milliy majlisi a’zosi Jyulen Odul matbuotni ikki tomonlama standartlarda aybladi.

«Agar xuddi shu jirkanch izohlar shartli Usmon Dembelaga qaratilganida, irqchilikka qarshi jamoatchilik hayqiriq va faryod bilan shovqin ko‘targan bo‘lardi. Ammo gap Din haqida borar ekan, mutlaqo sukut saqlanadi, chunki oq tanlilarga nisbatan irqchilik ularni qiziqtirmaydi. Sharmandalik», – deya yozgan Odul ijtimoiy tarmoqda.

Keyingi o‘yinlar

Jahon chempionatida ikkita o‘yin qoldi – ikkisi ham medallar uchun

20 iyulga o‘tar kechasi, 02.00. Fransiya – Angliya, 3-o‘rin uchun o‘yin

21 iyulga o‘tar kechasi, 00.00. Ispaniya – Argentina, final



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version